Breaking News

Konfederatsiya yodgorliklari AQShda katta munozaraga sabab bo'lmoqda


AQShda Jorj Floydning o’limi ketidan Amerika fuqarolar urushida quldorlikni himoya qiluvchi shtatlar konfederatsiyasi tarafida jang qilgan arboblar sharafiga qo’yilgan haykallar birin-ketin yiqitildi.

“Amerikada quldorlik tugatilganiga salkam 200 yil o’tib ham hamon irqchilik bilan yuzlashyapmiz. Politsiya zo’ravonligi hanuz dolzarb, hali ham tengsizlik mavjud. Konfederatsiya haykallari esa o’tmish ramzidir, soxta o’tmish ramzi, chunki bu yodgorliklar eski janub haqidagi afsonalarni ifoda etadi”, - deydi Vashingtondagi Xovard universiteti tadqiqotchisi Lopes Metyuz.

Konfederatsiya haykallari 1880 va 1890-yillar o’rtasida AQSh janubida o’rnatilgan.

“Janubiy shtatlarning deyarli har bir grafligi sudi hovlisida konfederatsiya yodgorligi bor. So’roqsiz sudlash tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, odamlar aynan mana shu yerdan o’g’irlanar edi yoki mana shu yerda soxta ravishda sudlanardi. Bu haykallar aynan shularni eslatadi. Ularga oq tanli millatchilarning davlat homiyligidagi belgilaridan boshqa narsa sifatida qarash o’ta qiyin”, - deydi Pensilvaniya Tasviriy san’at akademiyasi professori Sara Bisem.

Poytaxt Vashingtonda namoyishchilar harakatsiz turgan politsiya ko’zi oldida konfederatsiya generali Albert Payk xotirasiga o’rnatilgan 3,4 metrlik haykalni yiqitib, ustida sakradi.

21-iyun kuni esa Shimoliy Karolinaning Roli shahrida mahalliy hukumat namoyishchilar boshlagan ishni yakuniga yetkazib, konfederatsiya haykalini olib tashladi.

Jorjiya shtatining Dekatur shahrida faollar toshdan yasalgan yodgorlik oq tanli millatchilarni sharaflashini aytib, sudyaning uni olib tashlash hukmini olqishladi.

“Bu - xalq g’alabasi. Dekatur maktabining barcha yuqori sinf o’quvchilari bunga o’z hissasini qo’shdi. Hamma bir yoqadan bosh chiqardi”, - deydi qora tanlilar huquqlari uchun kurashayotgan tashkilot vakili Mavuli Deyvis.

O’tgan hafta oxirida Oklaxoma shtatida bo’lgan namoyishlarda ma’ruza qilgan Prezident Donald Tramp konfederatsiya askarlariga o’rnatilgan haykallarning buzilishini qoraladi.

“G’azablangan so’lchi to’dalar tariximizni oyoqosti qilishga, chiroyli yodgorliklarimizni tahqirlashga urinmoqda”, - dedi Tramp.

O’tgan payshanba kuni missurilik respublikachi senator Roy Blant demokratlarning AQSh Kapitoliy binosidan konfederatsiya haykallarini olib tashlashga qaratilgan qonun loyihasini o’tkazmadi.

“Ushbu haykallarning kapitoliy zallarida turishi afro-amerikaliklar va yurtimiz oliy maqsadlariga haqorat deb bilaman”, - dedi demokrat senator Kori Buker.

Biroq senator Blantning aytishicha, shtatlar bu masalada Kongress bilan kelishgan va bu ish muhokamasini Blant raislik qiluvchi Qoidalar qo’mitasiga tinglov uchun oshirish kerak.

“Haykallarni olib tashlasak, shtatlar bilan imzolangan shartnomani buzgan bo’lamiz”, - dedi u.

AQSh Kongressi joylashgan kapitoliy binosida 1860-yillardagi Fuqarolar urushi paytida Amerika Konfederatsiya Shtatlari tarafida jang qilgan kamida 12 arbobning haykallari o’rnatilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG