Breaking News

Diaspora Rossiya propagandasiga qarshi kurashmoqda


"Slavic Sacramento" sayti sahifasi, 20-aprel, 2022
"Slavic Sacramento" sayti sahifasi, 20-aprel, 2022

Rus tilida chiqadigan "Slavic Sacramento" onlayn nashriga oyiga 50 ming odam kirar edi. Biroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri auditoriya uch karra oshdi.

2014-yilda ochilgan platforma Kaliforniya shtatining Sakramento shahrida asoslangan. Sayt mahalliy va mamlakat miqyosidagi yangiliklarni yoritadi. Sobiq sovet davlatlaridagi vaziyatga ham nazar tashlaydi.

"Rus tilida Amerika haqida ma'lumot qidirganlarning e'tiboridamiz", - deydi bosh muharrir Ruslan Gurjiy.

Muxlislar haqiqat izlaydi, deydi jurnalist, chunki Rossiyaning media tashkilotlaridan buni topa olmaysiz. Voqealarni noto'g'ri talqin qiluvchi, faktlarni buzib, egri izohlovchi manbalar talay.

24-fevralda Ukrainaga qarshi urush ochganidan beri Rossiya hukumati matbuotni mutlaq nazorat qilib, ommaviy axborot vositalari faqat uni manba sifatida ko'rsatishini, aynan uning pozitsiyasini haqiqat deya ko'rsatishni talab qilib kelmoqda. Kreml chizgan chiziqdan chiqsangiz, yo yopilasiz yo man etilasiz.

Kreml quvvatlovchi media AQSh va Yevropa Ittifoqida qoralanib, axborot bozoridan chiqarilgan, lekin rus va ispan tilidagi informatsion makonlarda hamon faol.

"Slavic Sacramento" bu jarayonda muhim rol o'ynamoqda, deya da'vo qiladi Gurjiy. "RT va 1-kanalning turgan bitgani propaganda".

Gurjiy asli Belarusdan. Onadi qrimlik. Ukrainadagi urush unga shaxsan qattiq ta'sir qilayotganini jurnalist yashirmaydi. 20 yildan beri Amerikada yashasa-da, vatan bilan yaqindan aloqada.

"Ukrain-belarus-amerilikman", - deydi 40 yoshli Gurjiy.

Sayt Ukrainadagi hamkasblar orqali vaziyatni kuzatib, bu borada xabarlar va tahlil berib kelmoqda.

"Xolis bo'lishga harakat qilamiz, hamma narsani tekshiramiz. Disinformatsiyadan chekinamiz".

Rossiyada axborotni nazorat qiluvchi asosiy idora Roskomnadzor belgisi
Rossiyada axborotni nazorat qiluvchi asosiy idora Roskomnadzor belgisi

"Slavic Sacramento" hozirda Rossiyada bloklangan. Axborotni kontrol qiluvchi "Roskomnadzor" uni va G'arbning boshqa qator saytlarini taqiqlagan.

Biroq saytga Rossiyadan kirayotganlar soni oshib bormoqda.

"VPN, blokni chetlab o'tuvchi programma orqali bemalol kirishyapti. Hozir auditoriyaning qariyb 10 foizi Rossiyadan", - deydi Gurjiy.

Jurnalist Kaliforniyadagi ukrainaliklar va rossiyaliklar orasida ham unga qarshilar borligini aytadi.

"Ayrimlari menga tinimsiz tahdid qilib, biznesimni yo'qqa chiqarishmoqchi", - deydi Gurjiy.

Sayt Ukraina va Rossiyadagi korrupsion hollar xususida ham katta materiallar bergan.

"Diaspora ichida shuning uchun menga nafrat bilan qaraydiganlar, meni dushman deb biladiganlar ko'p", -deydi bosh muharrir.

"Bir tomon mendan Ukraina agenti, ikkinchi tomon esa Rossiya agenti deb shubhalanadi. Boshqalar nazarida esa men aslida Amerika agentiman".

Urush haqidagi jonli muhokamalar saytning tomoshabinlarini ko'paytirgan.

Hozirda Los-Anjelesda yashaydigan Vitaliy Atayev Troshin "New Moscow" gazetasini ochgan
Hozirda Los-Anjelesda yashaydigan Vitaliy Atayev Troshin "New Moscow" gazetasini ochgan

Moskvalik Vitaliy Atayev Troshin video blogerlik qilib tanilgan. Endilikda u "Slavic Sacramento" hamkori.

"Muhokamalar hammaga ochiq, ukrain, rus va boshqalar. Jamoatchilikni jalb qilayapmiz", - deydi Troshin.

Bloger uchun Rossiyadagi auditoriya eng muhimi.

"Odamlar u yerda Ukrainada nima bo'layotganiga yo ishonmaydi yo ishonishga qiynaladi, haqiqatni tan olgisi kelmaydi".

Troshin yaqinda Konstantin Borovoy, Rossiyaning liberal siyosatchisi va sobiq deputati bilan suhbatlashdi. Aleksey Panin kabi aktyorlar bilan ham intervyular qilgan.

2014-yilda Troshin "New Moscow" gazetasiga asos solgan. Los-Anjelesdan turib, uni hamon yuritmoqda.

"Urushda Rossiya qurbonlari haqida axborot yig'amiz va tarqatamiz. Rossiya ahli bu borada ma'lumotga ega emas. Hukumat ularga buni aytmaydi".

Harbiy amaliyotlar to'g'risida noto'g'ri informatsiya berishda aybdor deb topilganlar Rossiyada 15 yilgacha qamalishi mumkin. Qator jurnalistlar va blogerlar allaqachon panjara ortida.

Ammo Troshin vatanga bormoqchi. "Ko'ramiz, nima bo'ladi. Men haqiqatga ko'z yuma olmayman. O'zimni bilmagan, ko'rmagan yoki eshitmaganga ololmayman".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG