Breaking News

Pensilvaniya - prezidentlik saylovi natijasini hal qiluvchi shtatlardan


Pensilvaniya shtatidagi latinolar shaharchasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:43 0:00

Pensilvaniya shtatidagi latinolar shaharchasi

Pensilvaniya shtatining qo’ziqorin dalalarida ishlash uchun bundan 50 yil muqaddam Reding shahriga puerto-rikoliklar ko’chib borgan. Shundan beri lotin amerikalik va ispanzabonlarning o’zlari ham qo’ziqorinday ko’payib, hozir shahar aholisining 65 foizini tashkil etadi.

Demokratlar ham, respublikachilar ham Reding demografiyasini yaqindan kuzatib keladi, chunki saylovlardan oldin ikkilanuvchi shtatlar qatoriga kiruvchi Pensilvaniyada g’alaba qozonish har ikki partiya uchun muhim.

Bir asrlik ibodatxona qad ko’tarib turgan tepalikdan nazar solganda Reding uyquga cho’mgandek ko’rinadi. Shaharni nafaqat temir yo’l tizimi, balki taraqqiyot ham tark etganday. Ammo aslida bu yerdagi siyosiy vaziyatga yangicha shakl berayotgan jo’shqin bir kuch bor.

Puerto-rikoliklarning Pensilvaniya shtatidagi eng birinchi paradi va ko’cha festivali aynan Reding shahrida bo’lib o’tdi. Bu yerda lotin amerikaliklar ta’siri va soni ortib bormoqda. Ammo siyosiy ta’sir ko’rsatish uchun hali ancha ishlar qilish kerak.

Tadbirkor Johani Sepeda Freytiz Reding shahar kengashidagi olti nafar vakildan yagona latino bo’lib, jamoadoshlarga saylovda ovoz berishning kuchini tushuntirish qiyin, deydi.

“Odamlar o’zini huquqsiz deb his qiladi. Ovoz bersak, hisobga olishmaydi, ovozimiz ahamiyatsiz deb o’ylashadi”, - deydi u.

Reding ta’lim kengashi raisi o’rinbosari Eddi Moran shaharning birinchi latino meri bo’lish niyatida nomzodini qo’ygan. Uning nazarida, shaharda mamlakatga ta’sir ko’rsata oladigan siyosiy jo’shqinlik bor.

“Kelasi yilgi saylov kampaniyasida lotin amerikaliklar katta rol o’ynaydi, katta ahamiyat kasb etadi”, - deydi Eddi Moran.

2020-yilda ovoz berish yoshiga yetadigan ispanzabonlar soni sezilarli ko’p. Ulardan biri 18 yoshli talaba Tatyana Lebro.

“Jamoamiz ishlarida faolroq qatnashayotgan odamlarni ko’ryapman. Bu esa odamlarni mahallamiz, mamlakatni yaxshilash uchun ovoz berishga undamoqda”, - deydi u.

Eynjel Figera 2002-yilda shahar kengashiga saylangan ilk puerto-rikolikdir. Ijtimoiy tadbirkor ushbu parad va festivalni tashkillashtirgan. Reding prezident saylovlari natijalariga doim ta’sir qilib kelgan, deydi u.

“2020-yilgi saylovlar nafrat va toqatsizlik avj olayotgani bilan ham muhim. Jamoa sifatida har ikki siyosiy partiyaga qarashlarimizni bildirish vaqti keldi”, - deydi Eynjel Figera.

Ba’zi ispanzabonlar xalq orasida bo’linishga Prezident Donald Trampning chiqishlari sabab bo’layotganini aytsa-da, 2016-yilda Amerika bo’ylab latinolarning 30 foizga yaqini unga ovoz bergan. Redingda ham uning latino tarafdorlari bor.

“Uni qo’llab-quvvatlaymiz. Lotin-amerikaliklar uchun imkoniyatlar ko’payayotganini ko’ryapman, jamoalarimizga katta e’tibor qaratyapti”, - deydi Nensi Rodriges.

“Qo’shilaman. Donald Trampga ovoz berganmiz. Ishini yaxshi bajaryapti. Yana to’rt yilga qoladimi, yo’qmi, bilmadim, lekin saylansa, xursand bo’lamiz”, - deydi Kruz Morales.

2016-yilda Tramp Pensilvaniyada bir foizdan kam farq bilan g’olib bo’lgan edi.

Demokratlar lotin amerikalik saylovchilar 2020-yilda ularning nomzodini katta farq bilan qo’llab-quvvatlashiga ishonadi. Pensilvaniyadagi g’alaba, ular nazarida, Trampning ikkinchi muddatga saylanmasligiga hissa qo’shadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG