Erdog'anning saylovdan oldingi taktikasi yohud siyosatda strategik burilish

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiyada Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilariga qarshi hujumlar davom etarkan, ayrim kuzatuvchilar nazarida Prezident Rajab Toyib Erdog’an parlament saylovlaridan oldin millatchi turklar ko’nglini ovlashga harakat qilmoqda.

So’nggi kunlarda armiya kurd jangarilariga qarshi bir necha amaliyot o’tkazgan. Bir paytning o’zida hukumat Kurdiston ishchilar partiyasi bilan 30 yillik ixtilofga chek qo’yish maqsadida muzokara qilishda davom etmoqda.

Istanbullik siyosatshunos Chingiz Aktar nazarida, iyunga belgilangan saylovlar yaqinlashgan sari kurd jangarilariga bosim kuchayadi.

"Hukumat kurdlarga qarshi bo’lgan millatchi saylovchilar ko’nglini ovlash maqsadida tinchlik jarayoniga katta urg’u bermayapti hozir. Hukumatning birdan-bir tashvishi partiya va prezident xavfsizligi va hokimiyatini saqlab qolish”, - deydi Aktar.

Oy boshida Kurdiston ishchilar partiyasining qamoqdagi rahbari Abdulla O’jalon tarafdorlariga xat yo’llab, qurolli kurash samara bermasligini aytdi. O’jalon jangarilarning qurolsizlanishi uchun aniq muhlat belgilamagani hukumatga yoqmadi.

Shundan so’ng Prezident Erdog’an “kurd muammosi yo’q, jangarilar qurolini topshirmaguncha ular bilan ortiq murosa qilinmaydi” deb kurdlarning g’azabini keltirdi.

Istanbuldagi Qodir Hash universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis Soli O’zelning aytishicha, Erdog’an pozitsiyasining kuchaygani saylovlar bilan bog’liq bo’lsa-da, xavfli strategiyadir.

"Bu siyosat unga foyda keltiradimi yoki zarar, hozircha ayta olmayman. Agar mamlakat yana qurolli mojaroga qaytsa, bu hol Erdog’an tarafdorlariga ham yoqmasligi mumkin", - deydi Ozel.

Turkiyada kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi raisi Salohiddin Demirtosh prezidentni provokatsiyada aylab, uning bu harakati kurdlarni qo’lga qurol olishga majburlashi mumkin, deydi. Ammo urushga qaytmaymiz, deydi u.

Demirtoshning partiyasi saylovlarda 10 foizlik to’siqdan o’tib, parlamentga kirmoqchi.

“Milliyet” gazetasi siyosiy tahlilchisi Asli Oydintoshboshning aytishicha, saylovlardan so’ng Erdog’an hozirgi gaplarini unutadi.

"Erdog’anning saylovlardan oldingi nutqlarida millatchilik ohangini ko’proq eshitish mumkin, saylovlardan so’ng esa odatda murosa yo’lidan yuradi. U juda ham aqlli siyosatchi. Erdog’an “Adolat va taraqqiyot” partiyasi saylovchilarni yo’qotayotganini ko’rib shunday ish tutayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Bir necha yil oldin harbiylarni davlat to’ntarishida ayblab qamattirgan davlat rahbari so’nggi paytlarda generallar bilan yaqinlashmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’an sobiq safdoshi, nufuzli ulamo Fathulla Gulen tarafdorlaridan ustun kelish uchun bir yildan beri harbiylar va millatchilar ko’nglini ovlashga harakat qilmoqda.

Oy boshida Erdog’an yuqori lavozimli harbiy qo’mondonlardan faol va iste’fodagi yuzlab ofitserlarga qarshi jinoiy ishlar uchun uzr so’radi.

Seshanba kuni esa Turkiya sudi 200 dan ziyod qamalgan harbiyni oqlab chiqdi. Aksariyati davlat to’ntarishiga aloqadorlikda aybdor topilgan edi.

Tahlilchi Soli O’zelning aytishicha, Erdog’anning armiyaga tayana boshlashi uning siyosiy yakkalanishidan dalolat.

"U barcha ko’priklarni yoqib vayron qildi. Endi u ittifoqchilar topishi kerak. Harbiylar uning gapiga ishondimi, yo’qmi, bilmayman. U hammani tashlab ketdi, endi o’zi ham yolg’iz qoldi", - deydi Aktar.

Tahlilchilarning aytishicha, Erdog’anning armiya bilan yaqinlashuvi hamda millatchi chiqishlari saylovdan oldingi taktika yoki strategik burilish bo’lishi mumkin. Shunga qarab, deydi ular, mamlakatning bundan keyingi siyosiy yo’nalishini bilsa bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG