Yevropa qochqinlar oqimini kamaytirish uchun choralar ko'rayapti

  • Amerika Ovozi

Vengriya chegaralarini yopgach, migrant va qochqinlar avtobuslarda Xorvatiyadan Sloveniyaga yetkazilmoqda.

Yaqin Sharq, Afrika, Afg'oniston va boshqa joylardan shu yilning o'zida 600 ming odam Yevropaga yetib kelgan. O'ziga to'q mamlakatlarda boshpana olib, yangi hayot boshlash uchun.

Shimol tomon yo'nalgan minglab odamlarga Vengriya shu kungacha o'z hududidan o'tishga ruxsat berayotgan edi, biroq kecha chegarani yopib qo'ydi. Budapesht qo'shni davlatlarni va Yevropa Ittifoqini o'z qarori haqida xabardor qilgan.

Vengriya ketidan Sloveniya ham Xorvatiyaga qatnaydigan barcha poyezdlarni to'xtatishini bildirmoqda. Qochqinlarni ro'yxatga oladigan markazlar tashkil etilgan.

Turkiyaga yordam

Bryusselda o'tgan majlisda Yevropa Ittifoqi va Turkiya o'rtasida hamkorlik kelishuvi ma'qullangan. Bu rejaga ko'ra, Turkiya odamlarni noqonuniy tashiyotgan jinoiy to'dalarga qarshi keskinroq choralar ko'rishga, Yevropa tomon qochqinlar oqimini kamaytirishga va'da beradi.

Evaziga Turkiya fuqarolari uchun Yevropaga kirish-chiqish tartibi yengillashtiriladi. Shuningdek, bu davlatning ittifoqqa qo'shilishi uchun muzokaralar qayta boshlanadi.

Ikki million suriyalik qochqinga boshpana bergan Turkiya Yevropa Ittifoqidan 3,4 milliard dollar yordam ham so'ragan. Yevropa Komissiyasi ko'mak hajmi muzokaralar natijasida belgilanishini bildirmoqda.

Shu yilning o'zida urush va mojarolardan qochib, Yevropaga yetib olish uchun uch ming odam O'rta dengizda cho'kib o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG