Breaking News

AQSh-Xitoy: Kim nima xarid qilishini bozor belgilagani ma’qul


Qo’shma Shtatlar va Xitoy, dunyodagi eng katta iqtisodiyotga ega ikki davlat, o’zaro savdo bo’yicha kelishmovchiliklarni hal qilish tomon ilk qadam tashladi. Kelishuv doirasida Xitoy AQShdan ko’proq mahsulot sotib olishga rozi. Vashington esa Xitoy tovarlariga qo’ygan tariflarni kamaytiradi.

2018-yildan buyon davom etayotgan nizo savdo oqimini va global o’shishni pasaytirgan. Xitoy – Amerika qishloq xo’jaligi mahsulotlarining eng yirik xaridorlaridan biri. Fermerlar yangi kelishuvni olqishlamoqda, biroq gap uning qanday tatbiq etilishida.

Evan Haltin Illinoys shtatida dehqonchilik qiladi. O’tgan yili mart oyida o’ylab-o’ylab, soya ekmaslikka qaror qildi.

Sabab, deydi u, Xitoy bilan savdo urushi ketayotgan bir paytda bu mahsulotni sotish qiyin.

“Savdo urushi boshlanganidan keyin uch oy o’tib, Prezident Tramp uzoq muddatli maqsadlarni ko’zlayotgani ayon bo’ldi. Otam bilan maslahatlashib, yuqori hosil beradigan makkajo’xoridan ekishga qaror qildik”, - deydi u.

Haltin jo’xorini yig’ib olganiga bir oy bo’ldi. Soyadan voz kechib to’g’ri qilgan ekanmiz, afsuslanmayman, deydi u.

“Kuz oxirlarida hosilni yig’ib olish haqida ham o’ylash kerak. Makkajo’xori bilan ishlash oson bo’ldi. Hozircha shunday ishlashda davom etamiz”.

Traktorlarni qayta dalaga olib chiqishga hali bir necha oy bor. Ammo bu yil boshqacha bo’ladi.

“Yana soya ekishni boshlaymiz. Hozir bozorda narxi 9-9,5 dollar ekan. O’tgan yili 7-8 dollar atrofida edi. To’qqiz dollardan sotsak, daromad qila olamiz”, - deydi fermer.

AQSh va Xitoy o’rtasida imzolangan dastlabki kelishuv soya narxlariga ta’sir qiladi. Prezident Trampning aytishicha, kelishuv doirasida ayrim tarifflar pasaytiriladi, Xitoy Amerika qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ko’proq sotib olishga rozilik bergan. Savdo urushidan charchagan fermerlar uchun bu xushxabar.

“Ijobiy yangiliklardan juda xursandmiz. Vaziyatga ehtiyotkorona optimizm bilan qarayapmiz”, - deydi Evan Haltin.

Iqtisodchi Mayk Doertiga ko’ra, boshqa fermerlar ham ehtiyotkorona ish tutmoqda.

“Xitoy bizdan yiliga qiymati 40 milliard dollarlik qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotib olishiga ishonch past. Juda katta raqam bu. Unga yetish uchun Xitoy Braziliyadan soya sotib olishni deyarli to’xtatishi kerak bo’ladi. Bunday qilishadi deb o’ylamayman”, - deydi Doerti.

Shunisi aniqki, Xitoy o’sib borayotgan aholisi ehtiyojlarini qondirish uchun AQShdan mahsulot oladi.

“Ilgari savdo-sotiq negizida aynan shu talab yotar edi. Xitoy qandaydir kelishuvlar bois emas, ehtiyoj bo’lgani uchun ham AQShda, xususan Illinoysdan soya xarid qilar edi. Talab va taklifni bozor belgilagani yaxshi”, - deydi Doerti.

Evan Haltin ham Xitoy bilan biznesni qayta tiklamoqchi. Yangi kelishuv fermasida yetishtirgan makkajo’xori va soya savdosini oshiradi degan umid bor.

Hozircha tavakkal qilmaymiz, deydi u.

“Ikki mamlakat nozik muvozanat holatida. Xitoy tubdan o’zgarmaydi. Savdo urushidan ko’rgan qiyinchiliklarimiz ortda qoldi deyish uchun aniq dalillarni ko’rishimiz kerak”.

Amerika fermerlari Xitoy bilan uzoq muddatli savdo bitimi imzolanishini kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG