Breaking News

Amerika maktablarida otishmalarning oldini olish uchun choralar yetarli emas


Kongress oldida qurol savdosiga qarshi namoyishlar
Kongress oldida qurol savdosiga qarshi namoyishlar

O’tgan oy Florida shtatidagi maktabda sodir bo’lgan otishma bo’yicha AQSh Senatida o’tgan tinglovlardan ma’lum bo’lishicha, 17 odamning o’limiga sabab bo’lgan voqeaning oldini olish mumkin edi.

Chorshanba kuni bir guruh senatorlar vaziyatni muhokama qildi, minglab o’quvchilar esa Kapitoliy binosi oldida namoyish qilib, qurol nazorati va maktablar xavfsizligini kuchaytirishni talab qilmoqda.

O’quvchilar oldiga chiqqan demokrat senator Elizabet Uorrenning aytishicha, Milliy qurol uyushmasi Kongressda katta kuchga ega.

“Qonunchilar ko’p yillardan beri uyushma ixtiyorida. Bu yoshlar esa bizni ozod etgani keldi”, - dedi Uorren.

Senat Adliya qo’mitasida o’tgan tinglovda otishmaning nega oldi olinmagani haqida munozara bo’ldi. Demokratlarning aytishicha, hujumkor qurollar qo’llanilishiga qo’yilgan taqiq muddati 2014-yilda oxirlashi bilan maktablarda ommaviy otishmalar ko’paydi.

“Qurolli hujumlar 183 foizga, o’lim hollari esa 239 foizga oshdi”, - deydi kaliforniyalik senator Dayan Faynstayn.

Respublikachilar xavfsizlik choralarining sustligini asosiy sabab qilib ko’rsatmoqda.

“Qo’lga qurol olib jinoyat sodir etmoqchi bo’lgan odamlarni aniqlovchi, huquq-tartibot organlari, maktab mutasaddilari va ruhiy muassasa xodimlari o’rtasida hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi dasturlar yetarli emas”, - dedi floridalik senator Marko Rubio.

Floridadagi qatliomda qizini yo’qotgan otaga ko’ra, mahalliy hukumat qotil Nikolas Kruzning ruhiy salomatligi bilan bog’liq muammolari va zo’ravonlikka moyilligi haqida bilib, chora ko’rmagan.

“FBR bu haqda bilgan, maktab joylashgan rayon mutasaddilari bilgan, jinoyat sodir etilgan Bovard grafligi sherifi idorasi bilgan. Shunga qaramay, birorta idora o’z vazifasini bajarmagan”, - deydi Rayan Petti.

Ba’zi qonunchilarning tan olishicha, qurol nazoratiga doir qonunlarni kuchaytirish masalasida siyosiy qudratga ega Milliy qurol uyushmasiga qarshi kurashda siyosiy iroda yetishmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG