Futbol bezorilari Yevropa chempionatida jiddiy muammo

  • Amerika Ovozi

Rus va ingliz fanatlari Stad Velodrom stadionida olishmoqda, Marsel, Fransiya, 11-iyun, 2016-yil

Rus va ingliz fanatlari Stad Velodrom stadionida olishmoqda, Marsel, Fransiya, 11-iyun, 2016-yil

Fransiyada nafaqat Yevropa futbol jamoalari olishmoqda, balki ularning ishqibozlari ham. Jamoalar kuchini maydonda chiroyli o'yin bilan ko'rsatayotgan bo'lsa, ishqibozlarning eng bezorilari musht va qo'lga tushgan asboblar bilan.

Matbuotda, asosan, rus va ingliz fanatlarining mushtlashgani ko'p yoritilmoqda. UEFA Marsel shahrida Rossiya va Angliya terma jamolari o'yini so'nggida rus fanatlarining inglizlar o'tirgan sektorga qilgan hamlasi ketidan Rossiya jamoasini shartli ravishda Yevropa chempionatidan chetlashtirishga qaror qildi. Voqea yana takrorlansa, qaror to'liq kuchga kiradi.

Rus va ingliz bezorilari Lill shahrida ham to'qnashdi, ammo UEFA stadion tashqarisidagi janjalga aralashmaydi.

Angliyalik kriminalist Alberto Testaning aytishicha, Rossiyada neonatsist bezorilar jiddiy muammo. Ular Yevropa chempionatida o'zini ko'rsatmoqchi, deydi mutaxassis.

Unga ko'ra, rus ultramillatchilari Kremlning geosiyosiy janglarida o'zini askar deb biladi.

“Ba'zilari o'tmishda harbiy tayyorgalikdan o'tgan. Boks va sharqona kurash usullari bo'yicha mutaxassis. Zo'ravonliklarni puxta va sinchkovlik bilan rejalashadi", - deydi Testa.

Rossiya rasmiylari ingliz fanatlarini provokatsiyada, Fransiya politsiyasi va musobaqa tashkilotchilarini esa layoqatsizlikda aybladi.

Rossiya futbol ittifoqi rasmiysi va qonunchi Igor Lebedevning aytishicha, politsiya Yevropa chempionati kabi yirik turnirni o'tkazishga tayyor emasligini namoyish etdi.

Rossiya aholisining bir qismi to'qnashuvlarni qoralagan bo'lsa, boshqalari fanatlarini qo'llab-quvvatladi.

"Ular haqiqiy vatanparvar, o'z sharafini himoya qilmoqda", - deydi Olga ismli talaba.

"Inglizlar boshlagan janjal uchun biznikilarni jazolashyapti, bu adolatdan emas", - deydi Anna ismli boshqa bir student qiz.

Tahlilchilarga ko'ra, zo'ravon fanatlar guruhlari Yevropada tobora uyushib bormoqda, ba'zilari musulmonlarga qarshi "Pegida" harakatiga o'xshagan ultra o'ng qanot siyosiy guruhlarga aloqador.

“Buni birinchi bo'lib Germaniyada "Yangi ovchilar" deb nomlangan neonatsist xuliganlar boshlab bergan. "Pegida"ning Angliyada bo'limi bor. Unga sobiq bezorining rahbar ekani ajablanarli hol emas", - deydi G'arbiy London universiteti kriminalisti Alberto Testa.

Rossiya 2018-yilda futbol bo'yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Rossiyalik fanatlarning Fransiyadagi hozirgi harakatlari bo'lajak musobaqada ishqibozlar xavfsizligini savol ostiga qo'ymoqda.

“Jahon Kubogi paytida ham ular ko'p muammo tug'dirishi kutilmoqda. Ingliz bezorilari ham jim turmaydi, deb o'ylayman”, - deydi Testa.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG