"Islomiy davlat" mag'lubiyati yangi terror tahdidlariga sabab bo'lishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

AQSh diplomatlari va razvedka idoralari rasmiylarining ogohlantirishicha, Yaqin Sharqda al-Qoida va “Islomiy davlat” kabi jangari guruhlarga qarshi jang maydonidagi yutuqlar yangi muammolarga olib kelishi mumkin.

Ularga ko’ra, terrorchi guruhlar parchalansa, ularning saflarida harakat qilgan jangarilar Suriya va Iroqdan o’z yurtiga qaytib, terror xurujlari uyushtirishi mumkin.

Chorshanba kuni Vashingtonda Global aksil-terror forumi bo’lib o’tdi.

Unda so’zlagan AQSh davlat kotibining o’rinbosari Entoni Blinkenning aytishicha, Iroq va Suriyada jihodchilar xalifaligi poydevori qulashi ketidan ayniqsa ogoh bo’lish zarur.

Yevropalik mulozimlar bu tahdiddan xabardor.

Gollandiya Tashqi ishlar vaziri Bert Kondersning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, jangarilar ikki yo’ldan birini tanlaydi - yo yurtiga qaytadi yo boshqa mojaroli zonalarga ko’chadi.

Yevropa razvedka xizmatlari o’rtasida ma’lumot almashinuvi va qo’shma harakatlarning oqsayotgani tanqid ostida. Kondersga ko’ra, xavfsizlik idoralari mart oyida Bryusselda sodir etilgan xurujlardan so’ng tegishli xulosa chiqargan.

“Barcha xurujlarni to’xtatib bo’lmaydi. So’nggi bir-ikki yilda Yevropa mamlakatlari o’rtasida bu borada hamkorlik kuchaygan”, - deydi u.

Biroq AQSh rasmiylarining xavotirlari barham topmagan ko’rinadi.

“Nafaqat AQSh va Yevropa Ittifoqi, balki Yevropa mamlakatlari o’rtasida axborot almashinuvi bobida hali ko’p ishlar qilish kerak”, - deydi AQSh ichki xavfsizlik vazirining razvedka va tahlil bo’yicha o’rinbosari Frensis Teylor.

Rasmiy bu haqda avgust oyida Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidagi tadbirda so’zladi.

Qo’shma Shtatlar Turkiya bilan hamkorlikda yumshoq nishonlarni terror xurujlaridan himoya qilish tashabbusini olg’a surmoqda, deydi Blinken. AQSh tashabbusni ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun bir million dollar ajratgan.

Yumshoq nishonlar sirasiga restoranlar, sport majmualari, otellar kabi obyektlar kiradi. Mazkur tashabbus doirasida aholini terror tahdidlari haqida ogohlantirish, bu sohalar xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar tayyorgarligini oshirish kabilar ko’zda tutilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG