AQShda ishchi vizalar soni to'rt baravarga kamayadi

  • Amerika Ovozi

Amerikaning sayyohlik mavsumi atigi yarim yil bo’ladigan hududlarida otel biznesini yuritish osonmas. Shu sabab, mehmonxonalar H2B deb nomlanuvchi viza bilan chetdan keladigan mavsumiy ishchilarga tayanadi. Lekin bu turdagi vizalar soni kamaytirilgani bois mehmonxonalar ishchi yollay olmasligidan xavotirda.

Massachusetsda bahor va yoz nisbatan kech keladi. Sayyohlar kelguncha bu joylar tinch, hech kim bo’lmaydi. Ba’zi bizneslar uchun esa ish yoq.

“Keyp Kodda ish qidirayotgan odamlardan ko’ra shu atrofda oq akulalar ko’proq” deb hazil qilib turaman”, - deydi mehmonxonalar boshqaruvchilaridan biri Jeyn Niklos Bishop.

J.N.Bishop o’zini “vizalar onaxoni” deb ataydi. Mahalliy firmalar egalariga Yamayka va filippinlik ishchilarni chaqirishda, hujjatlarni to’ldirishda ko’maklashishadi.

“Kim xonalarni tayyorlaydi, hojatxonalarni kim tozalaydi. Ovqatni kim pishirib mehmonlarga uzatadi? Idish-tovoqlarni kim yuvadi? Shu ishlarga odam yetishmaydi”, - deydi xavotir bilan Bishop.

Allen Silvester Keyp Kod shaharchasida chodirlarni ijaraga berish biznesi bilan oilaviy shug’ullanadi. Uning aytishicha,amerikaliklar besh oylik ishga kirishni istaymaydi.

“Uchragan odam ‘qanday eplayapsan, nima qilyapsan?’, deb so’raydi”, - deydi Allen Silvester.

Ishchi vizalar sonining to’rt baravar kesilishi oqibatida yillik daromad 20 foizgacha tushib ketishi mumkin. Silvesterning xorijiy ishchi vizalariga arizasi yetarli miqdorda qondirilmadi.

“Agarda ishchi yollashning arzonroq, osonroq yo’li bo’lganda edi, shunday qilgan bo’lardik. Qanchadan-qancha hujjatlar, anketalarni to’ldirishingiz kerak. Agar ishchi yollashning boshqacha usuli bo’lganda edi, biznesni yuritishga aqli yetgan odam, bunday ahmoqona qog’ozbozlik bilan shug’ullanmagan bo’lardi”, - deydi u.

H2B vizalariga qaram bo’lib qolgan shirkatlar mahalliy aholiga ish o’rinlarini taklif qiluvchi e’lon berayotganini isbotlashi shart. Yanvarda xorijlik ishchilar uchun berilgan 3000 arizadan bir qismigina qondirildi. Jim Anderda kabi omadi chopgan menejerlar ham qog’ozbozlik natijasida hatto viza olgan ishchilarning o’z vaqtida kela olmaganidan shikoyat qiladi.

Ana shunday mavhumlik bu kabi kompaniyalar ishchilarni to’liq bir yilga yollashga, sayyohlar yo’q mavsumda ham ularni ushlab turishga majbur.

“Ishchilarimni yo’qotishni xohlamayman. Qishda ham oshxonada ishlaydigan xodimlarimga 40 soatlik ish berishga to’gri keladi. Shunda ular ketib qolmaydi va bahorda ham ishga tayyor", - deydi yana bir mehmonxona menejeri.

Mavsumiy ishchilarni ushlab turishga qurbi yetmagan kompaniyalarning umidi endi qonunchilardan - Kongress 28-aprelgacha xorijiy ishchilarga AQShga qayta kirishga ruxsat berishi kerak, aks holda shirkatlar og’ir ahvolda qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG