Kristofer Xill Iroqda elchilik vazifasini tugatmoqda

  • Amerika Ovozi

Kristofer Xill Iroqda elchilik vazifasini tugatmoqda

Kristofer Xill Iroqda elchilik vazifasini tugatmoqda

Xillning bayon qilishicha, Iroq bugun ancha barqaror, mazhablararo zo'ravonlikdan esa deyarli nishon qolmagan.

Iroqda elchilik vazifasini yakunlayotgan Kristofer Xillning aytishicha, ayrim terror xurujlari va saylovlardan keyingi siyosiy turg'unlikka qaramay, Qo'shma Shtatlar Iroqdan qo'shinlarini olib chiqib to'g'ri ish tutmoqda.

Tajribali diplomat Kristofer Xill Iroqda ko'p ishlagani yo'q. Atigi 16 oy. Uning aytishicha, barqarorlik kuchaymoqda, mazhablararo zo'ravonlikdan esa deyarli nishon qolmagan.

"Iroqdagi strategiyamiz to'g'ri. Albatta, hukumat tezroq shakllanganida nur ustiga a'lo nur bo'lardi", - deydi Xill.

AQSh elchisi bu haqda kecha, poytaxt Bag'dodda 60 kishining hayotiga zomin bo'lgan xurujdan so'ng so'zlagan. Portlashga al-Qoida aloqadorligi aytilayotgan bo'lsa-da, Kristofer Xill nazarida guruh umuman olganda mamlakatda kuchini yo'qotgan, aholi orasida unga xayrixohlik keskin kamaygan.

"Ayni damda eng muhimi shia, kurd va sunniylarni o'z ichiga olgan hukumatni imkon qadar tez tuzish. Shundagina shu paytgacha qo'lga kiritilgan yutuqlarni saqlab qolish mumkin bo'ladi", - deydi Xill.

Uning nazarida aholi toqatsizlanib bormoqda. Qo'shni Eron Iroq ichki ishlariga aralashayotgani haqida xavotir bor.

"Eronning maqsadi nima ekanini bilmaymanu, ammo shu paytgacha biror yaxshilik qilmagan. Eron shuni anglab yetishi kerakki, agar ular Iroq bilan uzoq muddatli ijobiy munosabatlarga ega bo'lishni istasa, uning mustaqilligini, hududiy daxlsizligini hurmat qilishi zarur", - deydi AQSh elchisi.

Kristofer Xill kelasi oy iste'foga chiqadi. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, u Denver universitetida siyosatshunoslikdan muallimlik qilmoqchi. O'rniga esa Bag'dodda elchi bo'lib AQShning Turkiyadagi sobiq bosh diplomati Jeyms Jeffri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG