Breaking News

Davlat departamenti 10 davlatdan 10 ayolni mukofotladi


Qo'shma Shtatlar har yili xotin-qizlar bayrami arafasida dunyoda tinchlik, adolat, inson huquqlari, jinsiy tenglik uchun kurashayotgan hamda ayollarni qo'llab-quvvatlashga hissa qo'shayotgan xotin-qizlarga "Jasoratli ayol" (International Women of Courage) mukofotini topshiradi.

2019-yilning matonatli ayollari deya dunyoning 10 mamlakatidan 10 ayol etirof etildi. Mukofotni Davlat kotibi Mayk Pompeo va AQSh prezidentining rafiqasi Melaniya Tramp taqdim etdi.

Ushbu mukofotga Bangladesh, Myanma, Jibuti, Misr, Iordaniya, Irlandiya, Chernogorye, Peru, Shri-Lanka va Tanzaniyadan ayollar sazovor bo'ldi.

O'tgan yili 10 nafar, 2017-yilda esa 13 nafar ayol bu mukofotga loyiq deb topilgan.

2009-yilda o'zbekistonlik huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva (keyinchalik mukofotdan voz kechgan), 2011-yilda Qirg'iziston Prezidenti Roza Otunbayeva hamda Tojikiston va Qozog'iston faollari ham sovrindorlar orasida bo'lgan.

Davlat departamenti 2007-yilda ta'sis etgan mukofot shu paytgacha 70 ga yaqin davlatdan 100 dan ziyod ayolga nasib etdi.

Shuningdek, Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabafi bilan AQShning O’zbekistondagi elchixonasi sahifasida tabrik e’lon qilindi:

“8-mart kuni xotin-qizlar huquqlari butun dunyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda ular oʻziga xos muammolarga yoʻliqishda davom etayotganini tan olgan holda Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlaymiz. Dunyo boʻylab xotin-qizlar uchun huquq va imkoniyatlarni kengaytirish Amerika Qoʻshma Shtatlari uchun ustuvor vazifalardan biri. Davlat kotibi Mayk Pompeoning taʼkidlashicha, jinsiy tengsizlikka yechim topish tez bitadigan ish emas, balki koʻp harakat talab qiladigan vazifadir. Jinsiy tengsizlikka barham berish uchun vaqt va shijoat kerak boʻladi, agar tinchlik va farovonlikni istasak, inklyuziv jamiyatlar qurish yoʻlida qatʼiyat bilan oldinga siljimogʻimiz kerak”, - deydi elchixona xodimi Debora Robinson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG