Breaking News

Eron Isroilga hujumini, Isroil esa o’z mudofaasini muvaffaqiyat deb atamoqda


AQSh va Britaniya Isroilga Eronning 300 tadan ortiq droni va raketasini urib tushirishda yordam berganini bildirmoqda. Iordaniya havo mudofaasi tizimi bu ishda faol bo’lgan.

Xalqaro hayot - 15-aprel, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:58 0:00

Shunga qaramay, Tehron Isroilning Damashqda Eron konsulxonasiga hujumiga javoban amalga oshirgan amaliyotini muvaffaqiyat deb atadi, Isroil qarshi javob bersa, Eron hujumi yanada qattiq bo’lishi haqida ogohlantirdi.

AQSda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogar Donald Tramp “prezident bo’lganimda Isroilga hujum qilinmagan bo’lardi” deb aytdi.

Isroil Eron hujumidan jiddiy zarar ko’rmagani aytiladi. Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyon Tehronning harakatini “qonuniy himoya va Isroil rejimini jazolash” deya ta’rifladi.

“Yuqori mahorat va professionalizm hamda o’zaro muvofiqlashtiruv tufayli muvaffaqiyat qozonildi. Isroil o’zini a’lo darajada mudofaa qildi, AQSh ham unga yordam berish va’dasini bajarishga muvaffaq bo’ldi”, - dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

AQSh qonunchilari Yaqin Sharqda mojaroning kengayishiga va Amerika askarlarini unga jalb etishga qarshi ekanini bildirdi.

“Bu pallada AQShning Eronga qarshi bevosita harbiy harakatlarga aralashishiga hojat yo’q deb o’ylayman. Eronga qizil chiziqlar borligini, Qo’shma Shtatlar Isroilni himoya qilishini bildirib qo’yishimiz kerak”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Mayk Tyorner.

"Prezident Eron bilan urush qilish niyatimiz yo’qligini aniq aytib o‘tdi”, - deydi Kirbi.

Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravaniy ham Tehronning AQSh bilan mojaroga kirishish xohishi yo’qligini aytarkan, Vashingtonga ogohlantirish berdi.

“Agar AQSh Eronga, uning fuqarolari, xavfsizligi yoki manfaatlariga qarshi harbiy amaliyotlarni boshlasa, Eron tegishli ravishda javob berish huquqini ishga soladi”, - dedi diplomat.

Isroil Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Eronning hujumi javobsiz qolmasligini bildirdi, biroq ayrim xabarlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar uni bu rejasidan qaytarishga harakat qilmoqda, Vashington Eronga qarshi hujumda qatnashmasligiga ishora qiladi.

“Nazarimda, bir tarafdan, Isroil qanday javob berishni o’ylamoqda, ammo boshqa tarafdan, bosiqlik orqali G’arbda zarar ko’rgan obro’sini tiklashga imkoniyat ko’rmoqda”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Nimrod Goren.

“Katta Yettilik” guruhi, Yevropa Ittifoqi Eronning Isroilga hujumlarini qoraladi, mintaqada nazoratsiz eskalatsiyaga turtki berishi mumkinligini bildirishdi.

Isroilning Damashqdagi Eron konsulxonasiga hujumida 12 odam, jumladan ikki eronlik general halok bo’lgan edi. Eronning Isroilga hujumida ikkita harbiy bazaga kichik zarar yetgani, 7 yashar bir qiz jarohat olgani ma’lum.

Vashingtondagi Stimson tahlil markazi eksperti Barbara Slavin Isroilga hujumni jiddiy o’zgarish deb atadi.

"Isroil va Eron o‘rtasidagi soya urushi endi ochiq urushga aylanyapti. Biroq Eron bu ishni o’ylab qilganini ta’kidlash kerak. Uning Isroilga yuborgan dronlari sekin, past balandlikda, soatlab uchgan, Isroil va AQShga hozirlik ko’rishga yetarlicha vaqt berib. Hatto iordaniyaliklar ham o’z havosi uzra bir nechta dronni urib tushirishga muvaffaq bo’ldi. Qurbonlar bo’lmadi, zarar jiddiy bo’lmadi. Buni o’ziga yarasha tomosha desak bo’ladi. Ammo shunga qaramay, o’zgarish jiddiy. Eron Isroilga to’g’ridan-to’g’ri hujum qildi”, - deydi mutaxassis.

Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan Xavfsizlik Kengashini Eronga qarshi chora ko’rishga chaqirdi.

"Eronning bu hujumi barcha qizil chiziqlarni kesib o’tdi. Isroil qarshi hujum qilishga haqli. Biz qaynayotgan suv ichidagi qurbaqa emasmiz. Biz arslonlar xalqimiz. Isroilga qarshi bunday katta hujumni javobsiz qoldira olmaymiz. Kelajakda o’zimizni himoya qilamiz”, - dedi u.

Eron elchisi hozirgi vaziyatda AQShni aybladi.

"Bu mamlakatlar, ayniqsa Qo’shma Shtatlar Isroilni G’azodagi qatliomi uchun javobgarlikdan himoya qilib kelmoqda. Isroilning diplomatik vakolatxonalarimizga hujumdan o’zimizni himoya qilish huquqimizni inkor etgan holda uyalmasdan Isroilning o’zini mudofaa qilish bahonasida himoyasiz Falastin xalqiga qarshi qirg’ini va qatliomini himoya qildi”, - dedi Said Iravaniy.

Rossiya va Xitoy Eronning Isroilga hujumi ketidan barcha taraflarni bosiqlikka chaqirdi. Isroil Rossiyadan Eron hujumini qoralashni so’radi, biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova Isroil Ukrainaning Rossiya shaharlariga birorta hujumini qoralamaganini, aksincha bu urushda Ukrainaga yordam uzatayotganini bildirdi.

Eronning Isroilga hujumidan oldin Yevropa va Osiyo o’rtasida parvozlarni amalga oshirayotgan aviakompaniyalar samolyotlarini havoga ko’tarmaslikka qaror qildi.

Avstraliya, Germaniya, AQSh, Hindiston va boshqa mamlakatlar aviakompaniyalarining ko’p joylarga parvozlari qoldirildi. Eron uzra uchgan samolyotlar endi Turkiya yoki Misr orqali aylanib o’tishga majbur bo’ladi.

Eron hujumi ketidan Isroil, Iordaniya, Iroq va Livan o’z havo sarhadlari uzra joriy etilgan cheklovlarni bekor qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG