Breaking News

"Islomiy davlat" jinoyatchilar orasidan tarafdor qidirmoqda


Yevropa davlatlarida, ayniqsa, Belgiya va Niderlandiyada radikalizmga moyil shaxslar, odatda, jinoiy to'dalarga ham yaqin bo'lishi aniqlangan. "Islomiy davlat" xalifaligi torayib, daromad manbalari kamayib borar ekan, guruh tarafdorlari Yevropada yangi xurujlarni amalga oshirish uchun ko'proq jinoiy olamga tayanadi, deydi tadqiqotchilar.

Sobiq mahkumlar va jinoyatchilarning terror guruhlaridagi ishtiroki yangilik emas. Dunyoviy, millatchi yoki nasroniylarga oid radikal guruhlarda ham shu narsa kuzatilgan. Ammo "Islomiy davlat" jangari to'dasida bu yanada yaqqol ko'zga tashlanmoqda.

Yevropa davlatlarida ko'plab jangarilar sobiq jinoyatchilar ekani hamda jangari guruh faollari tarafdorlarini ana shunday odamlar orasidan qidirayotgani ma'lum. Jinoiy to'dalar va jihodchilar tarafdorlarini bir xil guruh orasidan qidirmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Londonda joylashgan Xenri Jekson jamiyati tahlilchisi Emma Vebga ko'ra, jangarilarning jinoiy o'tmishga ega ekani ularni bu yo'ldan qaytarishni yanada qiyinlashtiradi.

Unga ko'ra, guruhning bunday tarafdorlarini nafaqat do'stlik, balki jinoiy hayotga bo'lgan sadoqat ham bog'lab turadi.

"Buyuk Britaniyada, umuman, butun Yevropada terrorga oid statistikalarda jinoiy elementlarni ko'ramiz. Parij xurujlarida biz jinoiy ishlarda hamkor bo'lgan bir guruh odamlarning birgalikda ekstremizm sari yuz tutganini ko'rdik. Ular qamoqda radikallashgani ehtimoli yuqori", - deydi Veb.

Britaniyalik sobiq prokuror Nazir Afzalning aytishicha, IShID qarashlari "Al-Qoida"ga qaraganda jinoiy to'dalarga ko'proq ma'qul.

"Odamlarni IShIDga jalb etish xuddi jinoiy to'dalarga odam yollashdek. Ta'sirlanishga eng ko'p moyil odamlar tuzoqqa ilintiriladi. IShID bu ishda juda mohir", - deydi u.

London universitetidagi Qirollik kolleji o'tgan yili e'lon qilgan tadqiqotga ko'ra, "Islomiy davlat"ning jihodiy qarashi jinoyatchilarning shaxsiy orzu-xohishlariga mos keladi.

Shuningdek, tadqiqotda yozilishicha, jinoyatchilarningqurol ishlatish, undan maxfiy foydalanish kabi jangari to'dalar uchun kerakli malakalarga ega ekani qadrlanadi.

Yevropada o'tkazilgan boshqa ilmiy ishlarda ham jihodchilarning sobiq jinoyatchilar ekani ma'lum bo'lgan.

Emma Vebning aytishicha, IShID ekstremistik faoliyatlarni kuchaytirish uchun jinoiy to'dalardan foydalanmoqda. Yevropada yuz bergan terror xurujlarining 40 foizi og'rilik, giyohvand moddalar va kontrabanda tovarlar savdosidan moliyalangan.

Tahlilchilarga ko'ra, agar terrorchi guruh xurujlarni davom ettirishni istasa, odam yollovchilar bundan buyon ko'proq mustaqil daromad manbalarini topishiga to'g'ri keladi.

"Islomiy davlat"ning jinoiy to'dalar bilan yaqinlashayotgani faqat Yevropada emas, boshqa hududlarda ham ko'zga tashlanmoqda.

Jangari guruh giyohvand moddalar, qurol-yarog' va odam tashishning yangi tranzit yo'llarini qidirmoqda. O'tgan yili "Nyu-York Tayms" nashrida chiqqan maqolada Italiya xavfsizlik xodimlari Liviyadan Sitsiyliya, Misr va Bolqongacha bo'lgan narkotrafik yo'lini aniqlagani yozilgan edi.

Sitsiliya prokurorlarining aytishicha, "Arab bahori"dan avvalgi tartib buzilishi oqibatida jinoiy guruhlar, jumladan, "Islomiy davlat" giyohvand moddalar tashishning yangi marshrutlarini yo'lga qo'ygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG