Breaking News

Las-Vegas tunnellarida yashayotgan uysizlar


Las Vegasdagi uysizlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:02 0:00

Las-Vegas - Nevada shtatida joylashgan katta shahar, sayyohlik markazi, qimor poytaxti. Kazinolari bilan tanilgan bu shahar ostidan toshqindan himoya qiluvchi tunnellar o’tgan. Yer ostini o’ziga uy qilgan ayrim odamlar bilan suhbatlashdik.

“G’aroyib Las-Vegasga xush kelibiz”. Amerikalik va chet ellik mehmonlarning shaharga kirayotganda ana shunday yozuvga ko'zi tushadi.

Ammo dang’illama mehmonxonalar, o’yin-kulgi va karnavallar ko’chasidan sal narida Las-Vegasga kiradigan boshqa, qorong’iroq yo’l ham bor.

“Yorug’lik” deb nomlangan nohukumat tashkiloti yordami bilan “Amerika Ovozi” tunnellardan biriga kira oldi. Taxminan 30 nafar uysiz odam yashaydi bu yerda.

Shulardan biri - Kris. Suhbatga ko’nmagan bo’lsa-da, videoga tushishga qarshi emas. Tunnelga kiraverishda joylashib olgan. O’ziga xos qorovul. Mehmonlarni qarshi oladi.

Chuqurroq kirib borsangiz, manzara o’zgaraveradi. Polda gilam. Tok ham bor. Devorlarda chizgilar.

Yer osti shaharchada yashovchilarning ayrimlari biz bilan suhbatlashishga rozi bo’ldi.

“Tunnel uyimiz bo’lib qolgan", - deydi Robert. "Hech kim ijara so’ramaydi. Faqat suv yo’q. Quyoshda yuramiz desak, ko’chaga chiqamiz. Tunnel yomon emas, lekin Las-Vegasni o’lguday yomon ko’raman. Tinib-tinchimas joy”, - deydi Robert.

“Xonamda narsa ko’p. Ovqat qilaman, kir yuvaman”, - deydi Bonni ismli onaxon.

“Oilamiz katta. Buninig yaxshi va yomon taraflari bor. Qulay ekan deb, o’rganib qolmaslik kerak. Uysiz odam bir joyga o’rganib qolsa, ketishi qiyin bo’ladi. Men esa yaxshiroq joyga ko’chay deyman. Tunnel yoqmaydi”, - deydi u.

Bu joyning o’z qonun-qoidalari bor. Rioya qilmasangiz, haydashadi. Asosiy shart ozodalik, boshqalarga hurmat.

“O’g’rilik ham yo’q. Buni faxr bilan aytaman”, - deydi Kreg.

Uni tunnelda mer deb chaqirishadi. Hokim. Yetti yildan beri shu yerda yashaydi. Klublardan terib olgan golf sharlarini sotib, kun ko’radi. Tunnelda davlatdan ijtimoiy yordam oladigan yagona shaxs ham Kreg. Oyiga 800 dollar. Avvallari shu pulni ham qimor o’ynab havoga sovurardim, deydi u.

Yer osti ahlining hikoyalari o’xshash. Ko’chada qolib, narkomaniyaga berilganlar ko'p. Pol ham o’tmishda shunday hayot kechirgan.

“Kun bo’yi shirakayf bo’lib o’tirardim. Hayot mazmuni shu edi. Shunday kun keldiki, hayotimni butunlay o’zgartirishga qaror qildim. Narkotiklardan voz kechdim. O’shandan beri ishlarim yaxshi”, - deydi Pol.

Hozirda u “Yorug’lik” tashkilotida ishlaydi. Tunnellarga qatnab, eski do’stlariga kiyim-kechak va ovqat yetkazib turadi. Narkomaniyadan yuz o’girganlarga tashkilot bepul terapiya ham taklif qiladi. Lekin, deydi Pol, ko’pchilik bunga tayyor emas.

“Las-Vegas ostidagi tunnellarda yashashga o’rganib ketishgan. Toza suvdan tashqari hamma narsa bor. Buning ham yechimini topishadi”, - deydi u.

Yangi hayotga qadam qo’ya olasiz, butun umr yer ostida yashashga mahkum emassiz, deydi Pol o’zini misol keltirib.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG