Breaking News

Qrim tatarlari tarixiga nazar


Ukraina Mudofaa vaziri Rustem Umerovning portreti
Ukraina Mudofaa vaziri Rustem Umerovning portreti

O’tgan yili qrim-tatarlar vakili Rustem Umerov Ukraina mudofaa vaziri etib tayinlangani mamlakatda ham, xorjida ham iliq qarshi olindi. 41 yoshli siyosatchi xalq orasida ijobiy nom qozongan.

Kiyev Rossiya bilan muzokaralar olib borish vazifasini ham aynan unga ishonib, topshirgan. Lekin ko’pchilikning diqqatini tortgan jihati bu – uning etnik kelib chiqishi.

Qrim tarixiga nazar

Qrim yarim orolida miloddan avvalgi bir ming yillikda tavriylar, saklar yashagan. Hududni avval Yunoniston bosib oladi, so’ng Rim mustamlakasiga aylanadi.

O'rta asrlarda yarim orolda Xazar imperiyasi, Vizantiya, Kiyev Rusi, Genuya, gotlar, xunlar, bulg’orlar, yahudiylar, turklar, armanlar hukmronlik qilgan.

13-asrda Oltin O'rda xoqonligi kengayib, tarkibiga Qrim yarim orolini ham qo’shib oladi. Mahalliy aholi dashti qipchoq turkiylariga qorishib ketdi. 14-asrda bu yerlarda islom dini yoyiladi. Shunday qilib, qrim-tatar xalqi shakllanadi. 15-asrga kelib tatarlar moʻgʻillar hukmronligidan ozod bo’lish uchun Usmoniy imperiyasi bilan ittifoq tuzadi.

Keyinroq bu yerda Qrim xonligi tashkil etiladi, ya’ni Oltin O’rdadan ajralib chiqadi.

Qrim xonligi o’z vaqtida Sharqiy Yevropaning eng qudratli va boy davlatlaridan biri bo’lgan. Ammo Yaqin Sharq bozorlarini qullar bilan ta'minlagan davlatlardan biri ham aynan Qrim xonligi bo’lgan. Asirlarnni qo’lga tushirish uchun qo’shni mamlakatlarga hujumlar uyushtirgan. Bu esa ziddiyatlarga olib kelgan.

Ayni paytda, shu hududlarda yashagan kazaklar tatarlarga qarshi kurashgan.
18-asrda Usmonlilar imperiyasining bosqichma-bosqich tanazzulga uchrashi va rus-turk urushida Rossiyaning gʻalaba qozonishi bilan xonlik himoyasiz qolib ketadi.

1783-yilda Yekaterina II butun yarim orolni Rossiya imperiyasining Tavrida viloyati sifatida qo‘shib oladi, shu tariqa Qrim mustaqilligini kafolatlovchi shartnomani buzadi.

Rossiya tarkibidagi Qrim

Rossiya hukumati tatarlarga “o’gay” nazar bilan qaragan. Ularni “bevafo aholi” deb hisoblab, siquvga olgan. Yuz minglab tatarlar o’z yerlaridan quvg‘in qilingan, o‘rniga ruslar ko‘chirib olib kelingan. Tatar tili va madaniyatini yo’q qilish siyosati amalga oshirilgan.

Shu davrlarda bosimga qarshi tatarlar milliy harakati shakllana boshlagan.
Birinchi jahon urushida, Rossiya imperiyasining qulashi davrida, 1917-yil dekabrida Qrim Xalq Respublikasi tashkil etiladi.

U musulmon olamidagi birinchi demokratik respublika bo’lgan. Qrim Xalq Respublikasi Ukraina Xalq Respublikasi Markaziy Radasi tomonidan tan olingan. Lekin ko’p o’tmay har ikkisi ham bolsheviklar armiyasi qo'liga o'tadi.

Sovetlar hukumronligining birinchi o'n yilligida tatarlar ukrainlar va boshqa mahalliy aholi qatori ochlik, deportatsiya va tazyiqlarga uchraydi.

1941-yilda fashistlar Germaniyasi yarim orolga bostirib kiradi, minglab tatarlar o'ldiriladi, surgun qilinadi. Shu bilan birga, nemislar ba’zi tatarlarni Sovet hokimiyatidan ozod qilish va'dasi bilan ko'ngilli batalyonlarga jalb etgan.

Aksariyat tatarlar fashistlarga qarshilik ko'rsatgan. Ayrimlari partizanlar va Qizil armiya safida jang qilgan. Hatto bir nechtasi Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor ham bo'lgan.

1944-yilda sovetlar yarimorolni qaytarib oladi. Stalin tatarlarga “sotqin” deb “tamg’a” qo’yib, butun aholini deportatsiya qilishga buyruq beradi.

10 kun ichida tatarlar chorva uchun mo’ljallangan poyezdlarda O‘zbekiston va Rossiyaning chekka viloyatlariga surgun qilingan. Deportatsiya qilingan 191 000 kishidan 8 000 ga yaqini tranzit paytida halok bo'ladi.

Omon qolganlari ham og’ir mehnat zonalariga tashlanadi, "maxsus ko'chmanchilar" toifasiga kiritiladi. Ularga deportatsiya qilingan joyini tark etish taqiqlanadi.

Qrim avtonom maqomidan mahrum bo'ladi. Tatarlarning uylariga esa ruslar ko’chib kiradi.

Garchi sovetlarning 1956-yildagi rahbari Nikita Xrushchev tatarlarning "maxsus ko'chmanchi" maqomini bekor qilgan bo’lsa-da, deportatsiya qilinganlar yurtiga qaytib kela olmadi. O’sha paytda yarim orol allaqachon Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida edi.

Shu tariqa qrim-tatarlar davlatchiligi yo’q qilinadi. Ular Rossiyaning Tatariston viloyati tatarlari va Markaziy Osiyo tatarlari bilan qorishib ketadi. Qrimga qaytganlarining ham yashash uchun ruxsat olishi, uy-joy, ish topishi qiyin kechadi.

Ayrim faol qrim-tatarlarning uyushgan sa’y-harakati natijasida Sovet hukumati 1989-yilda ularga o’z yerlariga qaytishiga rasman ruxsat beradi. 1991-yilgacha 150 mingga yaqin tatar yurtiga qaytgan.

Asta-sekin tatarlar boshqa dissidentlar va milliy harakatlar bilan mustahkam aloqalar o'rnatdi.

Sovet Ittifoqi qulagandan so’ng…

1991-yilgi mustaqillik referendumida Ukraina mustaqilligiga tatarlar ham ovoz beradi. Sovet Ittifoqi qular ekan, tatarlar o’z kelajagini Ukraina bilan bog’laydi. Yanada ko’proq qrim tatarlar vataniga qaytib kela boshlaydi.

Yigirma yil ichida aholi soni chorak milliondan oshadi. Tatarlar asta-sekin o’z milliy uyushmalarini, ijtimoiy institutlarini, jamiyatini barpo etadi. 1999-yilda Ukraina hukumati qrim-tatar vakillik organi bo’lmish Mejlis kengashini rasman tan oladi.

Anneksiya

2014-yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi bilan tatarlarning milliy-madaniy tiklanishi ham birdaniga to‘xtab qoldi. Mejlis faoliyati qonunga zid deb topildi. Masjidlar, tatar maktablar yopildi, ommaviy yig'ilishlar taqiqlandi.

Tatar fuqarolari Rossiya hukumati tomonidan ta’qib va tazyiqqa uchray boshladi, Rossiya qurolli kuchlari safiga chaqirildi. O’shanda minglab odamlar Qrimni tark etdi. 2014-yilda Ukraina parlamenti Qrim tatarlarini Qrimning tub xalqi deb tan oldi va surgunni genotsid deb topdi.

Shunday bo’lsa-da, Qrim tatarlarining aksariyati hali ham o’z vatanlari, ya’ni Rossiya bosib olgan Qrimda qolmoqda.

Ukraina rahbariyati orasida milliy ozchilik vakillarining mavjudligi esa ruslar tahdid deb hisoblagan etnik, milliy xilma-xillikdan darakdir.

XS
SM
MD
LG