Malayziya: Yo'qolgan samolyotning aloqa vositalari ataylab o'chirilgan

  • Amerika Ovozi

Najib Razzoq, Malayziya Bosh vaziri

Najib Razzoq, Malayziya Bosh vaziri

Malayziyaning o’tgan haftadan beri bedarak ketgan yo’lovchi samolyoti qidirilar ekan, hukumat bir necha taxminni olg’a surmoqda.

Xalqaro hamkorlikda olib borilayotgan tekshiruvlar shuni ko’rsatmoqdaki, deydi Malayziya Bosh vaziri Najib Razzoq, 239 odam bilan ketayotgan samolyotning aloqa vositalarini kimdir ataylab o’chirib qo’ygan bo’lishi mumkin.

“Malayziya va Vyetnam orasidagi chegara yaqinida samolyot bilan kommunikatsiya birdan uzilgan”,- deydi bosh vazir.

Janubiy Xitoy dengizidagi qidiruv ishlari hozir yakunlangan. Samolyotdan u yerda biror nishon yo’q, deydi mutaxassislar.

“Radarda saqlanib qolgan ma’lumotlarga ko’ra, samolyot orqaga qayta boshlagan, ya’ni g’arb tomon, Malayziya yarimoroli tomon uchgan. Keyin esa shimolga yo’nalgan”,- deydi bosh vazir.

Malayziya dengiz kuchlari qidiruv olib bormoqda

Malayziya dengiz kuchlari qidiruv olib bormoqda

370-reys, deya tushuntiradi rasmiy, sun’iy yo’ldosh orqali aloqani to’xtatganida, samolyot ikki havo yo’lidan birida bo’lgani taxmin qilinmoqda. Biri Qozog’istondan boshlanib, Tailandgacha. Ikkinchisi esa Indoneziyadan Hind okeani janubigacha.

Samolyot olib qochilgan bo’lishi mumkinmi degan savolga, Malayziya Bosh vaziri Najib Razzoq “bilmaymiz” deya javob qiladi.

Tergovchilar uchuvchilar va yo'lovchilarga ham e'tibor qaratmoqda. Bugun pilotlarning uylari tekshirilgan.

Amerika nazarida samolyot Hind okeaniga qulagan bo’lishi mumkin. Hindiston ham tekshiruvga qo’shilib, havo kuchlari yordamida qidiruv olib bormoqda. Hind okeanidan shu paytgacha biror narsa topilmagan.

Kuala-Lumpurdan Pekin tomon yo’l olgan Boeing 777 samolyotidan 8-mart kunidan beri darak yo’q. Yo’lovchilarning aksariyati xitoylar bo’lgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG