AQSh va Markaziy Osiyo bir-birini qanchalik tushunadi?


2012-yildan beri Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo bo’limi (Central Asia Program) faoliyat yuritadi. Bu dargoh nafaqat ilm beradi, balki AQSh siyosatiga ta’sir ko’rsatish kuchiga ham ega. Siyosiy va ilmiy doiralar uchun tahlil markazi. Bu yerda muntazam ravishda mintaqa bilan bog’liq davra suhbatlari, ma’ruzalar, anjumanlar va seminarlar o’tkaziladi. Xo’sh, bulardan muddao nima, bizga nima foyda deb so’rashingiz mumkin. Judayam o’rinli va tabiiy savol. Biz bu markaz rahbari Marlen Laruel (Marlene Laruelle) bilan shu haqda muloqot qildik.

AQSh poytaxti – jahon siyosati markazi. Har sohada tinimsiz raqobat, sinov, shuningdek, imkoniyatlar. Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo bo’limini ochguniga qadar Jons Xopkins Universitetining Markaziy Osiyo-Kazkaz Instituti mintaqani o’rganuvchi asosiy markaz edi. Siz boshqarayotgan dargoh hozirda asosiy sahnaga aylangan. Bunga qanday erishdingiz? O’z loyihangiz samarasini qanday baholaysiz?

Marlen Laruel: Men boshida xohlaganimdan ham yaxshiroq natijalarga erishdik. O’z yo’limizni topdik, o’zimizga xos uslubni kashf etdik. Biz asosan tadqiqot markazimiz, ilmiy tahlil va izlanishga urg’u beramiz. Lekin AQSh poytaxtida ekanmiz, siyosat ahli, nohukumat tashkilotlar va bizneslar bilan ham hamkorlik qilamiz. Bizning yana bir jihatimiz bu Markaziy Osiyo ilm ahli, keksa va yosh mutaxassislari uchun ham imkoniyatlar taklif qilamiz. Mintaqa va Amerika orasidagi ilmiy ko’prikmiz. Men o’zim bir necha yil O’zbekistonda yashaganman va faoliyat yuritganman. Vashingtonga kelganimda mintaqani, ayniqsa yoshlarni G’arb ilm ahli bilan bog’lovchi loyiha boshlashni xohlaganman va shu yo’lda harakat qilganman. Oson emas, albatta, lekin mana uddalayapmiz. Qiladigan ish ko’p.

O’tgan yili Markaziy Osiyo tahlilchilari tarmog’i (Central Asian Analytical Network) degan yangi bir loyiha ish boshladi, sizning markazingiz qoshida. Asosan rus tilida material taklif qiladi va maqsadi Markaziy Osiyo mutaxassislari ishini targ’ib qilish, to’g’rimi?

Marlen Laruel: Maqsadimiz – Markaziy Osiyodagi yosh olimlarga bu yerda treningdan o’tish, malaka oshirish imkoniyatini taklif qilish. Shunday ekan, ular o’z ilmiy asarlarini, tadqiqot ishlarini jahon ahli bilan bo’lishadigan bir platforma kerak edi. Markaziy Osiyo tahlilchilari tarmog’i shu vazifani bajaradi, ya’ni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy masalalar ilmiy jihatdan muhokama qilinadigan onlayn tizim. Biz kelajakda mintaqada yozgi kurslar tashkil qilish haqida o’ylayapmiz. Diqqatimiz markazida Markaziy Osiyo, lekin uning atrofidagi yirik davlatlar, jumladan Rossiya bilan aloqalar, uning ta’siriga ham ahamiyat berish kerak. Tizimni mintaqadan chiqqan mutaxassislar yuritadi.

Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo bo'limi 2012-yilda ochilgan

Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo bo'limi 2012-yilda ochilgan

Sizning markaz taklif qiladigan imkoniyatlardan foydalanish uchun mintaqa yoshlari nima qilishi kerak? Masalan, tahlilchilar tarmog’i bilan hamkorlik qilish uchun yoki yosh tadqiqotchi sifatida bu yerga kelib malaka oshirish imkonini qo’lga kiritish uchun?

Marlen Laruel: ​Malaka oshirishga kelish uchun bu yili 260 odam ariza berdi, lekin bir semestr uchun o’rin faqat beshta. Raqobat kuchli. Umidimiz, kelajakda regionning o’ziga borib treninglar o’tkazish. Tahlilchilar tarmog’i bilan hamkorlik qilishga kelsak, mutaxassislar odatda bizga chiqishadi va ishlarini ko’rsatishadi. Aloqa qilib, materiallarni o’rganib, birga ishlashga harakat qilamiz. Nafaqat rus tilida, balki Markaziy Osiyo tillarida ham chop etishni rejalaganmiz. Ayrim ishlar inglizchaga ham o’giriladi. Jarayon murakkab, lekin oson narsa yo’q. Muhimi bu materiallarning mazmuni va mohiyati. Biz bilan bog’lanish uchun saytimizga kiring, hamma ma’lumot o’sha yerda.

Professor Marlen Laruel "Amerika Ovozi" mehmoni

Professor Marlen Laruel "Amerika Ovozi" mehmoni

Marlen Laruel, xorjiy tilda ishlaydigan olima sifatida shuni yaxshi biladiki, til va madaniyat, mentalitet va yondashuv – muhim omillar. O’tkir mutaxassislar ingliz tilida o’z bilimini bayon eta olishga qiynalishi tabiiy. Ularga yordam kerak. Yoshlarga G’arb ilm ahliga yetish uchun madad ko’rsatmoq lozim. Markaziy Osiyo va Amerika ilm dargohlari orasida farq katta. Lekin ilm har joyda ilm. Gap uni qanday ifoda etishda, yetkazishda va o’zaro yordamlashishda. Markaz bu borada qattiq ishlayapti, deydi Marlen Laruel. Markaziy Osiyo mutaxassislari global tajribaga tayanib, xalqaro me’yor va talablarni qanchalik yaxshi tushunsa, shunchalik foyda ko’radi, deydi olima. Dunyo bizni tushunsin desangiz, faoliyatingiz xalqaro standartlarga javob beradigan darajada bo’lishi kerak, deydi professor.

Markazingizga moliya qayerdan keladi? Kim sizga homiy?

Marlen Laruel: ​Dasturimizni boshlashda Jorj Vashington Universiteti (AQShdagi engi yirik xususiy oliygoh) yordam bergan. Moliya oz edi, lekin boshlab olishga yetdi. Yosh tadqiqotchilar treningi uchun mablag’ qidirib Ochiq Jamiyat Institutiga murojaat qildik va ular bu loyihaga homiy. Har bir proyekt uchun pul qidiramiz, jamg’armalardan grant so’raymiz, tanlovlarda qatnashamiz. Muammo shundaki, hamma narsaning o’z muddati bor. Qiziqish vaqtinchalik. Muayyan loyihani muayyan tomon moliyalaydi. Hukumatlar bilan ham ishlaymiz, lekin juda kichik loyihalar, masalan, AQSh Davlat departamenti bilan Markaziy Osiyo va Afg’onistonda suv taqsimoti bo’yicha qisqa ilmiy loyiha olib bordik. Qozog’iston hukumatining yoshlarni chet elda o’qishini quvvatlovchi “Bolashak” jamg’armasi bilan hamkorlik qlamiz. Aytish joiz, davlatlardan ilmiy izlanishlar uchun grant olish juda qiyin, chunki pul yo’q, deyishadi.

Markaz mintaqaning har bir mamlakati bilan ilmiy hamkorlikni yo’lga qo’yish maqsadida alohida tashabbuslar bilan chiqqan, lekin Marlen Laruelning aytishicha, bu loyihalar sust. Madaniy tadbirlar va davra suhbatlari o’tkazildi, lekin davomli proyektlar yo’q. Aksariyat hollarda moliya yo’qligi asosiy sabab. Amerikaga mutaxassislarni yuborish katta pul talab qiladi.

Amerika siyosiy doiralari bugun Markaziy Osiyoni qanchalik biladi va u yerdagi masalalarni qanchalik tushunadi? Vashingtondagi yetuk ilmiy dargoh rahbari sifatida bu yerdagi bilim darajasini qanday baholaysiz?

Marlen Laruel: ​Nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyoning boshqa qismlari haqida ham ko’p bilishmaydi degan bo’lardim. Men o’zim, bilasiz, Fransiyadanman. Dunyo nazarida AQSh, global lider, eng qudratli davlat, siyosiy jihatdan juda faol. Lekin bu yerdagi manzarani kuzatsangiz, siyosat aslida mahalliy masalalar ustida ekanini anglaysiz. Kongressdan tortib boshqa organlargacha, hammasi uchun mahalliy masalalar birinchi o’rinda. Tashqi siyosat muhim, lekin ichki masalalar bilan tenglasha olmaydi. Markaziy Osiyodagi o’zgarishlar, hozirgi muhitni bu yerda yaxshi bilishmaydi, tushunishmaydi. Qiziqish ham shunga yarasha - bir pasayadi, bir ko’tariladi, masala va ahamiyatga qarab. Shu bois ham biznikidek markazlar kerak, chunki siyosat ahli mintaqani tushunib, Amerika va mintaqa uchun to’g’ri qarorlar qabul qilishi uchun ularga sifatli tahlil, ma’lumot va tafsilotlar kerak. Munozara va muhokama maydoni zarur. Bizning ishimiz va foydamiz shu.

Lekin mintaqa uchun bevosita mas’ul rasmiylar, diplomatlar va boshqa mansabdorlar, Markaziy Osiyodagi vaziyat haqida ancha yaxshi biladi, shunday emasmi?

Marlen Laruel: Bilishadi, juda yaxshi bilishadi, lekin umuman olganda Vashingtonda mintaqa haqida tasavvur ancha past degan bo’lardim.

Mintaqada-chi? Markaziy Osiyo rahbarlari va siyosat ahli Amerikani qanchalik tushunadi, Vashington bilan ishlashni qanchalik eplayapti?

Marlen Laruel: ​Mintaqada ham Amerikani yaxshi bilishmaydi va tushunishmaydi. Vashingtondagi murakkab tizim, davlat organlari, ular orasidagi munosabat va har birining maqsad va ishi haqida regionda bilim juda sayoz. Tomonlar bir-birini tushunmay bir-biridan ko’p narsa kutgan hollarga tez-tez guvohmiz. Manfaatlar, ahamiyat, real harakatlar – Markaziy Osiyo respublikalari va AQSh orasida muntazam ravishda noto’g’ri talqin qilinadi.

Mana hozir shunday davrki, Amerika ham mintaqada passiv, Markaziy Osiyoga qiziqish ham Vashingtonda past. Mintaqa konspiratsion teoriyalar domida. Bu ham har tomonlama zarar. Go’yoki hamma narsada Amerikaning qo’li bor, hamma narsa uning ishi, muammolar uning aybi. Va bir paytning o’zida ularni hal etish ham Amerikaning ishidek. Eng asosiy ish davlatlar bo’ynida. Har bir tomon o’z pozitsiyasini qayta ko’rib chiqishi, yangicha o’ylashga o’tishi kerak.

O’zbekiston, bilasiz, Markaziy Osiyodagi eng yirik jamiyat va Amerika rasmiylari so’zi bilan aytganda, nihoyatda muhim davlat. Prezident Obama davrida siyosiy hamkorlik kuchaydi va diplomatlar aloqalarni mustahkamlash uchun “qattiq mehnat qildik” deb kelishadi. 2005-yilda Andijon fojiasi ketidan rishtalar ko’p jihatdan uzilgan, hamkorlikka darz ketgan edi. Bilamiz, Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash yo’lidagi hamkorlik o’tgan yillarda asosiy o’ringa qo’yildi. Bugungi dinamika qanday?

Marlen Laruel: ​To’g’ri, Amerika O’zbekistonga geo-siyosiy nuqtai nazardan qarab keldi. O’zbekistonning geografik joylashuvi, aholi soni eng kattaligi asos qilib olindi. Respublika ham mustaqillikning ilk yillaridan boshlaboq AQShdek ulkan davlat bilan yaqindan aloqa qilishga urindi, biroq uning demokratik ta’sirini cheklashga tushdi. Lekin tomonlar bir-birini tushunishga, bir-birining maqsad-manfaatlarini tan olgan holda harakat qilishga qiynaldi. Mening tahlilimcha, 2000-yillar bekor ketdi. Ko’plab siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlar boy berildi. Afg’onistondagi urush, harbiy harakatlar, harbiy hamkorlik, xavfsizlik birlamchi masala deb, boshqa jabhalarga e’tibor berilmadi. Tomonlar bundan yutqazdi. Amerika O’zbekiston xalqi ko’ziga o’zining tor manfaatlarini ko’zlovchi tomon bo’lib ko’rindi.

Obama ma’muriyati nazarida hukumat bilan til topishish, aynan o’zaro manfaatlar yo’lida ishlash bilan yangi imkoniyatlarga zamin yaratish mumkin, ya’ni tomonlar bir-birini yaxshiroq tushunishi uchun muntazam dialog kerak.

Marlen Laruel: ​Gapdan nariga o’tilmayapti. Boshqa sohalarda, masalan, texnologiya bobida hamkorlik sust, vaholanki, O’zbekiston bunga jon deydi. Amerika, inson huquqlari va demokratiya targ’ibotini cheklab o’tgan holda, taraqqiyot uchun yordam bermoqchi bo’lsa, respublika rozi. Chunki hukumat mamlakatga kuchli mutaxassislar, bilim va tajriba kerakligini biladi. Kadrlar bilan ishlash, yangi ish o’rinlari yaratish, rivojlanish uchun ko’mak zarur. AQSh agar bu borada dadilroq harakat qilsa, O’zbekiston yo’q demaydi, nazarimda.

Andijon fojiasiga 11 yil bo’ldi. Ko’plab o’zbekistonliklar nazarida dunyo bu qonli voqealarni unutgandek, jumladan Amerika. Bu fojia ortidagi sabablar, javobgar tomonlar, tekshiruv… Vashingtonda fojiani qanchalik eslashadi yoki bu mavzuni tilga olishadi?

Marlen Laruel: ​Odatda hukumatlarning xotirasi, ayniqsa, katta davlatlarga kelganda, qisqa. E’tibor ham, xotira ham qisqa. Oldidagi masala - eng asosiysi. Rahbarlar, mutasaddilar muntazam ravishda o’zgarib turadi. Kechagi muammo pastga tushib, bugun uning o’rnini yangi masala egallagan. Vashington Andijon fojiasini unutmagan, lekin bu borada nima ham qilishi mumkin? Bilmaydi va shu bois ham mavzu chetda qolib ketgan.

Biz Amerika rasmiylaridan bu haqda so’raganimizda, “yo’q, unutmaganmiz, lekin bu avvalo O’zbekiston xalqining dardi va muammosi” deyishadi. Qonli voqealar takrorlanmasligi uchun mamlakat ahlining o’zi chora ko’rishi kerak, deyishadi. Biroq Andijon fojiasi AQSh-O’zbekiston aloqalarida siyosiy burilish yasagan, Vashington hukumat ishini qoralagan, Toshkentga bu yoqmagan, hamkorlik zanjiri uzilgan. Bugun tomonlar bir-biri bilan ochiq gaplashayotganidan mamnun va ular uchun, bu ulkan ahamiyatga ega. Nima uchun?

Marlen Laruel: Chunki o’zaro muloqotsiz hech narsa qila olmaysiz. Kim bilan nima haqda gaplashayapsiz? Andijon fojiasida aziyat chekkanlar ham chetda qolmasligi kerak. Xorijda yurgan o’zbekistonliklarning fikrini ham inobatga olish lozim, ular bilan bog’lanish kerak. Muloqot faqat hukumat bilan cheklanib qolmasligi kerak, aks holda xalqdan uzoqlashasiz, bu degani hamkorlik faqat so’zda bo’ladi, chunki amalda omma sizdan uzilgan.​

Asli fransiyalik olima Marlen Laruel besh yil O'zbekistonda yashab faoliyat yuritgan

Asli fransiyalik olima Marlen Laruel besh yil O'zbekistonda yashab faoliyat yuritgan

Marlen Laruelle deydiki, Amerika “super derjava” bo’lib qolar ekan, hamisha tanqid ostida bo’ladi va davlat bunga o’rganib ham ketgan. Har bir tomonni rozi qilish qiyin va AQSh o’z manfaatlarini hamma narsadan ustun qo’yishi ham tabiiy. Biroq O’zbekiston muhim davlat ekan, hamkorlik ham real maqsadlarga asoslanishi lozim. Odamlar shunga qarab baho beraveradi. Olima hukumatlarni ham, nohukumat tashkilotlarni ham, umuman, Markaziy Osiyoga, uning so’zi bilan aytganda, “tor nuqtai nazardan qaraydigan” taraflarni ko’zni kattaroq ochishga, mintaqadagi bugungi vaziyatni chuqurroq tahlil qilishga, mavjud ma’lumotlarni xolisona o’rganishga undaydi. Mintaqa repressiv siyosat qurboni, rivojlanish yo’q deydiganlar xato qiladi, shu bilan birga, Markaziy Osiyo gullab yashnamoqda, deya bong urayotganlar ham, deydi Marlen Laruell. Mintaqada o’tgan 25 yil ichida ko’plab ijobiy o’zgarishlar yuz berdi va berishda davom etmoqda, deydi u. Muammolar ham bir dunyo. Mutaxassis fikricha, bugungi ahvol juda murakkab va shu bois ham mukammal analiz va choralar talab qiladi.

Har bir jamiyat uchun zarur insoniy kapital, ya’ni bilimli, kasb-hunarli va iqtidorli qatlamga zarar yetishi, intellektual boylikning ozayishi, mehnat kuchining boy berilishi, ta’lim va boshqa muhim jabhalarning qashshoqlashishi, turmush darajasining pasayishi – Markaziy Osiyodagi eng dolzarb muammolar, deb hisoblaydi Marlen Laruel. Amerikami yoki boshqa tomon, yordam bermoqchimi, e’tiborni shu masalalarga qaratishi kerak, deydi u. Tuzumlar va rahbarlar o’zgaradi, lekin haqiqiy o’zgarishni layoqatli, zehnli va tirishqoq insonlar qiladi. Sarmoyani o’shalarga yo’naltirish lozim, deya undaydi ekspert.

Bu orada Amerikada prezident saylovlari yaqinlashmoqda. Oq uy uchun poyga avjida. Da’vogarlar saralanmoqda. Mintaqa uchun muhim qanday gaplar bor?

Marlen Laruel: ​Hozircha mintaqa haqida hech narsa eshitmadik. Nomzodlar orasida eng taniqlisi, region uchun, Hillari Klinton, demokrat nomzod. Uning tashqi siyosat bobida nimalar qilmoqchi ekani haqida yaxshiroq bilamiz va tasavvur ham qila olamiz, chunki oldin hukumatda ishlagan, mintaqada bo’lib, rahbarlar bilan uchrashgan, ularni biladi. Respublikachi Donald Tramp esa har tomonlama mavhum va kutimagan gaplari va ishlari bilan nom qozongan. U an’anaviy siyosatchi emas, bu borada tajribasi ham yo’q. Shaxsiyati bilan tanilgan. Ertaga nima qiladi, bilmaysiz. Hozircha u Rossiyani tilga oldi va aytgan gaplari bu davlatga yoqishi tayin. Nomzodlar hozir nima deyishidan qat’i nazar, prezidentlikka saylansa, hamma narsa o‘zgaradi va vaziyat va talabga qarab ish ko’radi. Prezidentlik odamni o’zgartiradi, uning atrofidagi odamlarga ko’p narsa bog’liq. Markaziy Osiyoga nisbatan amaldagi siyosatda sobiq davlat kotibi Klintonning qo’li bor. U Oq uyga kelsa, balki ko’p narsa o’zgarmas. Lekin Tramp kelsa, nima qiladi, bilmaymiz; kutilmagan ishlarga tayyor turish kerak bo’ladi.

Demokratik partiya va Respublikachilar partiyasi orasida mintaqaga nisbatan yondashuvda farq ko’rasizmi?

Marlen Laruel: ​Mafkuraviy farq yo’q. Har ikki tomondan hamfikrlar topiladi. Eng ko’zga ko’ringanlari, masalan, Rossiyaga qarshi taraf, huquq va demokratiya targ’ibotini kuchaytirish kerak, deya undab keladiganlar. Yana bir yirik toifa esa pragmatik yondashaylik, deydi, ya’ni vaziyat va manfaatga qarab ish ko’rish tarafdori.

Nomzodlar, demokrat yoki respublikachi, sizdan Markaziy Osiyo bo’yicha maslahat so’rasa, nima deysiz?

Marlen Laruel: ​Inson taraqqiyotiga, aholi hayotini yaxshilash yo’lida xizmat qiluvchi ishlar qiling, siyosatni belgilashda shu eng muhim omil bo’lsin, deya tavsiya qilgan bo’lar edim. Ilm-fan, ta’lim, texnologiya, tibbiyot va boshqa muhim sohalarda yordam berish bilan Amerika ham rahmat oladi, ham o’z nufuzi va ta’sirini oshiradi. Geosiyosiy maqsadlarga asoslanib hamkorlik qilish uzoqqa bormaydi va yo’q narsani bordek qilib ko’rsatib, hammani adashtiradi. Amerikaning Markaziy Osiyo bo’yicha katta bir loyihasi yo’q, buni tan olish kerak. Mayli, kichik loyihalar qilinsin, lekin aholi manfaatini ko’zlasin, chunki aynan o’sha mayda loyihalar ulkan ijobiy o’zgarishlarga turtki berishi mumkin.

Afg’oniston, sizningcha, hozirga kelib unchalik muhim omil emas, shundaymi?

Marlen Laruel: Menimcha, Afg’oniston oldingi ahamiyatini yo’qotgan, biroq u yerda tinchlikka erishish hamon muhim masala va bu borada muloqot va hamkorlik to’xtab qolmaydi. Lekin Afg’onistonda Tolibon hokimiyatga qaytgan taqdirda ham bu Markaziy Osiyoga uncha ta’sir qilmaydi. AQSh Afg’onistonda o’z maqsadlariga ega, eng asosiysi, qon to’kilishini to’xtatish. Markaziy Osiyo ahli esa iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot va mustahkam barqarorlik istaydi. Agar Amerika shundan manfaatdor bo’lsa, yordam qo’lini cho’zishi kerak va siyosat shunga asoslanishi kerak.

Rossiyada yurgan mehnat muhojirlarining vatanga ta’sirini o’rganib kelasiz. Hozirgacha qilgan izlanishlaringizga qarab, qanday xulosa qilish mumkin?

Marlen Laruel: ​Rossiyada yurgan markaziy osiyoliklar yurtidagi iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’sir o’tkazib keladi va bu davom etadi. Tojikiston va Qirg’izistonda ular siyosiy ta’sir kuchiga ega bo’la boshlagan. Rossiyada markaziy osiyoliklar birlasha boshlagan, o’z tashkilotlari bor, kasaba uyushmalari tuza boshlashgan. Buning ham vatanga ta’siri beqiyos. Islomga munosabat ham o’zgargan va dindorlik muhim omilga aylanib boradi. Uzoq muddatda mehnat muhojirlari katta ijtimoiy-madaniy o’zgarishlarga yetaklashi mumkin deb o’ylayman.

O’zbekiston hukumati shu paytgacha mehnat muhojirlari masalasini ochiq muhokama qilmay keladi, hatto bu mamlakatdan Rossiyada millionlab odamlar ishlab yurgani rasman tan olinmaydi. Yondashuvni o’zgartirish nima talab qiladi?

Marlen Laruel: ​To’g’ri, Tojikiston va Qirg’iziston bu masalaga ochiq yondashadi va muhokama qiladi. O’zbekiston hukumati esa mahalliy iqtisodiyot gurkiramoqda, hayot kun sayin yaxshi, deya Rossiyada yurganlar haqida og’iz ochmaydi. Vaholanki, shuncha fuqarosi u yerda ishlayotgani O’zbekiston uchun o’ziga xos ta’sir vositasi sifatida xizmat qilishi mumkin. Mehnat muhojirlari masalasini ko’tarib, Rossiya bilan yangi kelishuvlarga erishishi mumkin, boshqa tomondan esa fuqarolarini himoya qilib, ularni o’ziga yaqinlashtiradi. Muhojirlar uchun eng muhimi tirikchilik va xavfsizlik. Asosan qishloq joylardan ketgan odamlar qiynalib yurganida vatani ularga g’amxo’rlik qilsa, qanday yaxshi. O’zbekiston bundan judayam manfaatdor. Inkor etishni bas qilib, shu haqda o’ylash kerak. Elchixonaga borganida zarur yordam olgan fuqaro davlatdan minnatdor bo’ladi, bu degani uning davlatga hurmati oshadi. Ish izlab ketganlarga salbiy qarash bilan O’zbekiston nima yutadi? O’zga yurtdan ish topish ayb emas. Davlatning vazifasi xalqqa xizmat qilish.

Amerikadagi o’zbeklar bilan muloqot qilib turasiz. Ularning roli qanchalik muhim? Ular vatandagi vaziyatga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?

Marlen Laruel: ​Astalik bilan o’sib borayotgan jamoa. Siyosiy muhojirlar va ularning farzandlari albatta vaziyatni boshqacha ko’radi. Aksariyat o’zbeklar, nazarimda, iqtisodiy taraqqiyot eng muhimi degan fikrda va mamlakatdan uzilib qolishni aslo istamaydi. Aynan shu yo’l bilan ular vatanga ta’sir qilishi mumkin. O’zbeklar kuchli diaspora bo’lishni xohlaydi, lekin asosiy rolini madaniy ko’prik sifatida ko’radi. Siyosiy muxolifatga aylanmagan holda vatanga global qadriyatlarni olib kira olish ham samara berishi mumkin. Siyosiy shartlar qo’ymasdan ham jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilishni xohlaydiganlar ko’p.

Suhbat uchun katta rahmat!

Marlen Laruel: ​Siz ham rahmat, Navbahor.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG