Breaking News

"MS-13" jinoiy guruhi AQShda faollashmoqda


AQShning janubiy chegarasini muhofaza qilish uchun Prezident Donald Tramp devor quraylik, deydi. Rejasini har safar himoya qilayotganda Tramp "MS-13" jinoiy to'dasini tilga oladi.

"MS-13" jinoiy guruhi AQShda faollashmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:18 0:00

Guruh Amerika qit'asidan chiqqan bo'lib, AQShda ham jinoiy faoliyat olib bormoqda, salkam 40 shtatida. Tarkibida hujjatsiz immigrantlar ham bor. Qashshoq latino mahallalardagi yoshlar yaxshi hayot ilinjida, ba'zan esa aldanib, to'daga qo'shilmoqda.

AQSh Adliya vaziri Jeff Seshns "MS-13" guruhini eng xavfli jinoiy to'dalardan biri deb ataydi. Har yili ular o'nlab qotilliklar sodir etadi.

Guruhning to'liq nomi "Mara Salvatrucha". Amerikaning Los-Anjeles shahrida hamda Salvador davlatida paydo bo'lgan. Dunyo bo'ylab 30 ming a'zosi bor, 10 ming nafari Qo'shma Shtatlarda. Vashington yaqinidagi Merilend shtatining Montgomeri grafligida ham ular faol.

“So'nggi ikki yilda rayonimizda uyushgan jinoyatchilik natijasida 18 ta qotillik sodir etilgan bo'lsa, shulardan 10 tasiga "MS-13" qo'l urgan. Biz uchun eng katta muammo hozir shu”, - deydi Merilend shtati prokurori Jon Makkarti.

Shtat prokurorligining bildirishicha, guruh Salvadorda hukumat tomonidan qattiq siquvga olinishi natijasida faoliyatining bir qismini Qo'shma Shtatlarga ko'chirishga majbur bo'ldi.

“U yerdagi hukumat jinoiy to'dalarga qattiq bosim qo'ymoqda. Jinoyatchilar hukumat bilan olishmoqda. Buning uchun ularga pul kerak, shu sabab Amerikada ham ish qilishyapti endi”, - deydi Makkarti.

Daromad manbai - noqonuniy ishlar - fohishabozlik, inson va qoradori savdosi, qalloblik, tovlamachilik va boshqa jinoyatlar. Banditlar AQSh va Lotin Amerikasi aholisini vahimada ushlab turibdi. Ayrimlar xavfsizligini o'ylab Salvadordan Amerikaga qochib kelmoqda.

“Oila quraman, farzand ko'raman deb bu yerga kelsam, Amerikada ham shu ahvol. Bu yerda ham talaygina jinoiy to'dalar bor ekan”, - deydi guvohlardan biri.

Ayolning aytishicha, mahalladagi ayrim bolalarni qoradori sotishga jalb qilishgan, yana ba'zilari esa politsiyaga ko'z-quloq bo'lib turadi. Ayrim mahalladoshlar jinoyatchilar ulardan pul undirishga majburlayotganini ham aytadi.

“Bolalarga yaxshi muomala qilishadi, ammo ularni o'z to'riga tushirish uchun, xolos. Saflarini kengaytirishmoqchi”, - deydi ayol.

Kuzatuvlarga qaraganda, "MS-13", asosan, yosh latinolar, ayniqsa, muhojirlarni o’z saflariga yollashga harakat qiladi. Yoshlar osonlikcha aldanadi.

“Ba’zi bolalar Amerikaga kelganida ota-onasiz keladi, qarovsiz qoladi, ba’zilari yetim. O'z yurtida ayrimlariga buva va buvilari, tog’a va amakilari qaraydi, bu yerda esa nazorat yo’q”, - deydi immigrantlarga yordam beruvchi katolik xayriya tashkilotidan Seliya Rivas.

“Qarovsiz o’smirlarni jinoiy to’daga jalb qilish juda oson”, - deydi politsiya vakili Pol Likori.

Prezident Tramp “MS-13” guruhiga zarba berib, a’zolarini mamlakatdan haydashni milliy xavfsizlik va immigratsiya bobidagi ustuvor vazifalardan biri deb aytgan. Adliya vazirligi shu maqsadlarda 500 million dollar sarflamoqchi.

“MS-13” immigratsiya tizimidagi nuqsonlardan foydalangan holda chegaralarimizni buzmoqda, istalgan payt chegaradan o’tishmoqda”, - deydi Tramp.

Federal qidiruv byurosining 2008-yilda tayyorlagan hisobotiga ko’ra, to’da tarkibini, asosan, salvadorliklar hamda Lotin Amerikasidan Qo’shma Shtatlarga kelgan muhojirlar tashkil etadi. 2015- va 2016-yillarda o’tkazilgan amaliyotlar paytida hibsga olinganlarning aksariyati AQSh fuqarolari bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG