Breaking News

Netanyaxu xalqaro bosimga bo’yin egmoqchi emas


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’azodagi urush masalasida xalqaro hamjamiyat Isroilga qattiq bosim qo’yayotganini aytarkan, unga bo’yin egmasligini bildirdi.

Xalqaro hayot - 18-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:24 0:00

“Xalqaro hamjamiyatdagi ittifoqchilarimizdan “xotirangiz qisqami, nahot 7-oktabr voqealarini, xolokostdan keyin yahudiylarga qarshi sodir etilgan eng yomon qatliomni bu qadar tez unutgan bo’lsangiz?” deb so’ragim keladi”, dedi u vazirlar mahkamasidagi majlisda.

Netanyaxu G’azoning Misr bilan chegaradagi Rafah shahriga qo’shin yuborish ahdidan qaytmaganini aytadi. Isroil hujumlaridan qochgan yuz minglab falastinlik hozir Rafahda jon saqlamoqda.

“Xalqaro bosim urushdan kutilayotgan barcha maqsadlarimizga erishishda g’ov bo’la olmaydi. XAMASni yo’q qilish, garovdagi odamlarimizni ozod etish, G’azo Isroilga ortiq tahdid bo’lmasligini ta’minlash shulardan iborat. Buning uchun Rafahga ham kirishimiz kerak”, - dedi Netanyaxu.

O’tgan hafta AQSh Senatida ko’pchilik sardori Chak Shumer Netanyaxuni tinchlikka asosiy to’siqlardan biri deb atab, Isroil rahbarining tanqidiga uchradi. Isroilni ko’pdan beri qo’llab-quvvatlab kelgan qonunchining bu gaplari ko’plarni hayratga soldi.

Isroilning o’zida ham yangi saylovga, bosh vazir va mahkamasini yangilashga da’vatlar yangramoqda.

Dam olish kunlari Tel-Avivda minglab odam hukumatga qarshi namoyish qildi.

Yakshanba kuni Quddusda Netanyaxu bilan uchrashgan Germaniya Kansleri Olaf Shols Isroil o’zini himoya qilishga haqli, biroq gumanitar ehtiyojlarni ham unutmaslik kerak, deb aytdi.

"Falastinliklarning ochlikka yuz tutishiga chetda jim qarab tura olmaymiz”, - dedi u.

Sholsga ko’ra, Isroil Rafahga qo’shin kiritsa, 1,5 million odam jon saqlayotgan shaharda jiddiy gumanitar ofat yuz beradi.

G’azo shimoliga quruqlik orqali gumanitar yordam yetkazishning imkoni yo’q ekan, Iordaniya, Misr, AQSh, Germaniya va boshqa mamlakatlar gumanitar yukni havodan tashlash bilan cheklanmoqda.

Gumanitar yordam bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar sektor shimolida 300 ming odam ochlik yoqasida ekani haqida ogohlantirmoqda.

G’azo shimolidagi kasalxonalar bolalar to’yib ovqat yemaslikdan va suvsizlikdan nobud bo’layotganini bildirmoqda.

Xususan BMT chop etgan hisobotda 1,1 million odam may oyigacha ochlikka yuz tutishi mumkinligi taxmin qilinadi. Buning oldini olish uchun Isroil va XAMAS zudlik bilan sulhga kelishishi kerakligi aytiladi. Qatarda sulh bo’yicha muzokaralar jonlangan.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Isroilni G’azoda ochlikka turtki berayotganlikda, ochlikdan qurol sifatida foydalanayotganlikda aybladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG