Obama: "Islomiy davlat"ga qarshi kurash oson bo'lmaydi

  • Amerika Ovozi

BMT, Nyu-York, 29-sentabr, 2015

BMT, Nyu-York, 29-sentabr, 2015

“Islomiy davlat”ga qarshi urush e’lon qilganidan bir yil o’tib, AQSh Prezidenti Barak Obama BMT minbariga chiqdi va dunyoni yana umumiy tahdidga qarshi birlashishga chaqirdi. AQSh rahbariga ko’ra, bu kurashda yutuqlar bor, ammo u hali uzoq davom etadi.

Obama BMT qoshida IShID va zo’ravon ekstremizmga qarshi kurash nomli xalqaro sammitga raislik qilib, global yetakchilarni terrorizmga qarshi kurashda yanada faolroq bo’lishga undadi. Uning aytishicha, jangari guruhni yengishga qaratilgan global harakatga shu paytgacha 60 dan dan ortiq davlat qo’shilgan va jami 100 dan ortiq davlat va tashkilotlar qo’llab-quvvatlagan.

“Biz tutgan yo’l vaqt oladi, deb ko’p takrorlaganman. Bu oson vazifa emas. IShID allaqachon boshqaruv izdan chiqqan hududlarda, fuqarolik urushi va mazhablararo ixtilof kuchaygan mintaqalarda ildiz otgan. Ular o’zlarini o’zgarishlarga moslashuvchan ekanliklarini, ijtimoiy tarmoqlardan muvaffaqiyatli foydalanib, odamlarni o’zlariga jalb qila olishlarini ko’rsatdi. Bu uzoq muddatli kampaniya. Nafaqat shu bir guruhga qarshi, balki uning mafkurasiga ham qarshi”, - dedi Obama.

Suriya haqida gapirgan Amerika rahbari bu mamalakatning kelajagida Prezident Bashar al-Assadga o’rin yo’q ekanini ta’kidladi.

“IShIDni yengish yangi yetakchini va barchani qamrab oluvchi hukumatni talab qiladi. Bu hukumat terrorchi guruhlarga qarshi Suriya xalqini birlashtira olishi kerak”, - dedi Obama.

Shuningdek, Turkiya yordamida koalitsiyaning havo zarbalari yanada kuchaydi va Suriya-Turkiya chegarasi terrorchilar uchun yopildi, dedi Obama. Unga ko’ra, bu xorijliklarning jangarilar safiga kelib qo’shilish imkoniyatini to’sishda muhim qadam bo’lgan.

“Bu murakkab jarayon va ilgari ham aytganimdek, o’tish davri boshlanishiga olib boradigan siyosiy yechim topish yo’lida barcha davlatlar bilan, jumladan, Rossiya va Eron bilan ham ishlashga tayyormiz”, - dedi AQSh rahbari.

29-sentabr kuni AQSh hukumati “Islomiy davlat”ga aloqadorlikda ayblangan 25 odam va besh guruhga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu bilan jangari guruhning xalqaro moliyaviy tizimlarga aloqasini kesish maqsad qilingani aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG