Obamaning Ukraina siyosati saylov natijasiga ta'sir qiladimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi

AQSh Kongressi

Qo’shma Shtatlar Malayziyaga qarashli Boing yo’lovchi samolyotining urib tushirilganida Rossiyaga qarshi bevosita dalil bo’lmasa-da, uni mas’ul tutishda davom etamiz, demoqda. Obama ma’muriyatining bu masala bo’yicha pozitsiyasi Demokratlar partiyasining noyabrda bo’ladigan saylov natijalariga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Prezident Barak Obama Boing halokati masalasida Rossiya va sharqdagi isyonchilarga bosim qo’yib, fojia sabablarini aniqlashda ularni xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga chaqirmoqda.

"Haqiqat yuzaga chiqishi, aybdorlar esa javobgarlikka tortilishi kerak", - dedi Obama.

Amerika matbuoti bu masalada Rossiya va Putinni tanqidga ko’mib tashladi. “Vashington Post” gazetasidagi maqolada yozilishicha, Rossiya rahbarlari va ukrainalik isyonchilarning ishi yovuzlikdan dars bo’ldi.

“Nyu-York Tayms” esa isyonchilar va Rossiyani samolyot halokatidan so’ng toshbag’irlikda aybladi.

Obamaga muxolif respublikachilar uning Ukrainadagi vaziyatga qanday munosabat bildirayotganini kuzatar ekan, prezidentdan qat’iyatliroq bo’lishni talab qilmoqda.

Janubiy Karolinadan saylangan senator Lindsi Gremning aytishicha, yevropaliklar bu ishda tashabbusni o’z qo’liga ololmaydi.

"Amerika bosh bo’lishi kerak. Hozircha KGB polkovnigining qo’li baland kelmoqda", - deydi senator Grem.

Amerikada o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, xalq urushlardan charchagan, AQSh qurolli kuchlarining xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etishini istamaydi.

So’rov Malayziyaga qarashli samolyot Ukrainada urib tushirilmasidan oldin o’tkazilgan. So’ralganlar na Ukraina, na Suriyada Amerika urush qilishini xohlaydi. Ular Afg’oniston va Iroqdan barcha askarlarni olib chiqaylik, deyishmoqda.

So’rovni o’tkazgan Politiko tahlil markazi eksperti Aleksandr Byornsning aytishicha, ayni damda jamoatchilik xorijda hech bir harbiy avantyuraga berilishni istamaydi.

"Respublikachilarning aksariyati barcha qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqishga qaratilgan rejani qo’llab-quvvatlaydi. Yoshu qari, oqu qora, qaysi shtatda yashashidan qat’i nazar amerikaliklarning ko’pchiligi mamlakatlar o’z muammolarini o’zlari hal qilishi kerak degan fikrda", - deydi Byorns.

Kongressga saylovlarda fuqarolar odatda tashqi siyosatga unchalik ahamiyat bermaydi. Aksariyat tahlilchilar nazarida bu yilgi saylovlarda iqtisodiyot, prezident Obamaning faoliyati va mahalliy darajadagi boshqa mavzularga kattaroq e’tibor qaratiladi.

Davlat rahbarining reytingi hozir ancha past, 40 foizdan sal ko’proq. Tahlilchi Charli Kukning aytishicha, prezident reytingining pastligi uning partiyasi uchun saylovlarda odatda pand berib kelgan.

"Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda ikkinchi muddatini o’tayotgan olti prezidentimizdan beshtasining partiyasi Vakillar palatasi va Senatga saylovlarda mag’lubiyatga uchragan. Albatta, har safar sabab va sharoit turlicha bo’lgan, ammo natija doim bir xil, alamli edi", - deydi Kuk.

Aksariyat ekspertlar nazarida noyabr saylovlaridan so’ng respublikachilarning mavqei yaxshilanadi, Vakillar palatasida yanada kuchayishadi.

Ammo Senat uchun kurash qizg’in bo’lishi kutilmoqda. Hozircha palatada demokratlar ko’pchilik. Agar respublikachilar yana olti o’rin olsa, vaziyat o’zgarib, ular ko’pchilikka aylanadi.

Bu yil Senat uchun saylovlar asosan respublikachilar ko’p ovoz oladigan shtatlarda o’tadi va ayrimlarida demokrat-senatorlar qayta saylanishga urinib ko’radi. Ammo deydi kuzatuvchilar, ular buning uddasidan chiqa olmasligi va Obama prezidentligining so’nggi ikki yilida Kongressning har ikki palatasi muxolifat nazoratida bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG