Breaking News

AQShning eng keksa marafonchisi olimpiya chempioni bo'lish niyatida


Meb Kaflezigi terror portlashlaridan bir yil keyingi Boston marafonida g'olib bo'lgan.
Meb Kaflezigi terror portlashlaridan bir yil keyingi Boston marafonida g'olib bo'lgan.

Afrikada tug'ilib o'sgan marafonchi Meb Keflezigi shu yoz Braziliyada bo'ladigan Olimpiya o'yinlarida AQSh jamoasi tarkibida qatnashadi. 41 yoshli bu sportchi urush domiga tortilgan Eritreyadan qochoq bo'lib kelib, bugun olimpiada sovrindori darajasigacha ko'tarilgan.

Meb Keflezigi yugurgan jami masofani hisoblasak, dunyoni to'rt marta aylanib chiqamiz. U hanuz yugurmoqda.

Olimpiya o'yinlarida uch marta qatnashib, 2004-yil kumush medal sovrindori bo'lgan. AQShning eng keksa olimpiya marafonchisi sifatida bu yil ham medal yutish niyatida. Hammasi maktabdan boshlangan, deydi u.

"Besh milcha yugurib, bitta futbolka va hurmat-e'tibor qozondim. Uyalishni o'sha paytdan boshlab to'xtatdim", - deydi u.

Ammo urush domiga tortilgan Eritreyada u o'zi uchun kelajak ko'rmadi.

"Maktabga borish imkoniyati ham yo'q edi. Hamma joyda askarlar, mamlakat bo'ylab minalar sochilgan. Bolalar ulg'ayishi uchun dahshatli manzara edi. Ota-onam shundan so'ng u yerdan ketishga qaror qilishdi", - deydi sportchi.

Ammo AQShda ham hayot oson kechmadi.

"Til boshqacha bo'lgani uchun xohlaganingni ayta olmaysan. Ba'zan tilni bilmaganim uchun hatto soqovdek biror so'z ham gapirmasdim", - deydi u.

Bob Larsen Keflezigiga 20 yildan beri murabbiylik qiladi. Matonatini deb Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetida o'qishi uchun to'liq grant berdik, deydi u.

"Ajoyib inson. Qiyin sharoitlarda o'sish, katta oilaning a'zosi bo'lish, boshqalar qilolmaydigan og'ir ishlarni bajarish uni matonatli qilib tarbiyaladi. Istalgan joyga borishi, duch kelgan joyda uxlashi mumkin. Oilaviy kuchli insonlar", - deydi murabbiy.

Larsenning aytishicha, Kaflezigi shu matonati tufayli marafonlarda g'olib chiqmoqda.

"Nyu-York va Boston marafonlarida yutdi. Olimpiada medaliga ham ega. Hech kimda bunaqasi yo'q", - deydi u.

Kaflezigi terror portlashlaridan bir yil keyingi Boston marafonida g'olib bo'lgan.

Boston marafonidagi g'oliblik men uchun Olimpiya medalidan ham qadrliroq bo'ldi, deydi sportchi.

"Buni karyeramning cho'qqisidek his qildim. Yugurish orqali odamlarga yordam berish va ta'sir o'tkazish uchun bu dunyoga kelgandek bo'ldim", - deydi u.

Keflezigi oxirgi 31 yilda Boston marafonida g'olib chiqqan birinchi amerikalik bo'ldi. Bu bilan u portlashlar qaddini buka olmaydigan Amerikaning matonat ramziga aylandi.

U yozgi olimpiadada ham g'olib chiqib, yugurish sportida medal olgan eng keksa amerikalikka aylanish orzusida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG