Pokiston va Afg'oniston o'zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish niyatida

  • Amerika Ovozi

Pokiston qo'shni Afg'oniston bilan savdo-sotiq hajmini oshirish uchun chegarada zamonaviy tranzit markazlari barpo etadi.

Pokiston Tijorat vaziri Xurram Dastagir Xon bu haqda Kobulda o'tgan keng qamrovli muzokaralardan so'ng e'lon qildi. "Afg'oniston-Pokiston savdo va tranzit shartnomasini imzolashni maqsad qilganmiz", - deydi u.

Afg'on rahbari Ashraf G'ani Pokiston bilan yillik savdo aylanmasini ikki baravar oshirib, 5 milliard dollarga yetkazmoqchi. Chegara portlarida ilg'or kommunikatsiya tizimlari o'rnatiladi, natijada eksport-import xarajatlari kamayadi.

Afg'onistonning asosiy eksport mahsuloti meva bo'lib, Pokiston portlari orqali Hindiston bozoriga chiqishni ham ko'zlab qo'ygan.

Torxam chegara punkti Xaybar Paxtunxva viloyatida, Chaman punkti esa Balujistonda joylashgan. Bu joylardan har kuni taxminan 50 ming afg'on va yuk karvonlari o'tadi.

Chegaradan o'tishda qog'ozbozlik va byurokratiya savdo yo'lida eng katta to'siqlar. Hozirda Pokiston afg'on yuk mashinalariga Hindiston chegarasigacha mahsulot yetkazishga ruxsat bergan, biroq Hindistondan Afg'onistonga mol olib o'tilmaydi.

Pokiston Tijorat vaziri Xurram Dastagir Xon bu vaziyatga quyidagicha izoh bergan:

"Hamkorlik to'g'risidagi bitimlarga Hindiston ham qo'shilishini istaymiz, ammo ikki tomonlama ziddiyatlar sabab bu hozircha amalga oshgani yo'q".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG