Pokistonni qayta qurish uchun kamida besh yil ketishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Pokistonda toshqindan jabr ko’rgan odamlarga yordamni oshirishga chaqirmoqda. BMT o’tgan hafta 460 million dollar madad so’ragan bo’lsa, hozirgacha faqat 35 foizi jamg’arilgan. Jahon Banki 900 million dollar ajratishga va’da bermoqda.

Pokistonda uch haftadan beri davom etayotgan yomg’ir 1600 odamni hayotdan olib ketgan. 20 million fuqaro jabr ko’rgan. Toshqin yo’llarni o’tib bo’lmas botqoqlikka aylantirgan, ko’priklar qulagan. Ayrim qishloqlarga faqat vertolyot bilan yetish mumkin.

Jahon Banki hisob-kitobiga ko’ra, ofat boshidan beri 1 million fuqaroga bir oylik yegulik uzatilgan. Tashkilot xalqaro hamjamiyatni ko’proq xayr-ehson puli ajratishga chaqirmoqda.

BMT chamasiga ko’ra, Pokistonda 3,5 million bola iflos suvdan paydo bo’luvchi kasalliklarga chalinishi mumkin. Ich ketish, oshqozon-ichak xastaliklari aholiga katta tahdid solmoqda.

Bu orada Qo’shma Shtatlar Pokistonning eng ko’p talofat ko’rgan hududlariga yordam yetkazish harakatida. Buning uchun vertolyotlar ishga solingan. Davlat departamenti hisob-kitobiga ko’ra, shu paytgacha 76 million dollar sarflangan.

AQShning Afg’oniston va Pokistondagi maxsus elchisi Richard Xolbruk bu harakatlar odamlar yodida qoladi degan umidda. “Ofat kelganda yordam qo’lini cho’zgan kim ekanini ko’ring”, - deydi u.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Pokistonda 60 foiz aholi Amerikani dushman deb biladi. Aksariyati Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarda AQSh havo hujumlaridan g’azabda. Begunoh kishilar nobud bo’lmoqda, deydi ular.

Ammo shu kunlarda Svot vodiysida so’ralgan odamlarning kayfiyati o’zgargan. Ular AQSh yordamidan minnatdor. Pokiston hukumatining sust harakatidan hafsalasi pir bo’lganlar ko’p.

Kecha Panjob viloyatida namoyishga chiqqan odamlar mashinalarga o’t qo’yib, yo’llarni yopgan.

Pokistonning BMTdagi elchisi Zamir Akramning aytishicha, toshqindan keyin yurtni tiklash uchun milliardlab dollar pul kerak bo’ladi. Shimoli-g’arbdagi viloyatlar uchungina 2,5 milliard dollar zarur, deydi u.

Qayta-qurish ishlari kamida besh yil talab qilsa ajabmas. Qishloq xo’jaligiga yetgan zarar ocharchilik, ishsizlik va qashshoqlikni yanada avj oldirishi mumkin, deydi elchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG