Amerika yangi prezidentini qanday iqtisodiy muammolar kutmoqda?

  • Amerika Ovozi

Haqorat va shaxsiy hujumlarga to’la saylovlardan to’ygan amerikaliklar 8-noyabrning tezroq o’tib ketishini xohlaydi. Biroq tahlilchilar saylovdan keyin nima bo’lishini bashorat qilishga urinmoqda.

“Har bir saylovdan keyin uning oqibati bilan yuzlashamiz. Saylovlar Amerika xalqi bilan o’ziga yarasha shartnomadir. Xalq nomzodlarning saylov kampaniyasida bergan va’dalariga qarab birini prezidentlikka yollaydi”, - deydi tahlilchi Uilyam Galston.

Sobiq prezident Bill Klintonga maslahatchilik qilgan Galstonning aytishicha, Meksika bilan chegarada devor qurishini aytayotgan Donald Tramp, prezidentlikka saylansa, devorning aslida qanchaga tushishini oshkor etishga majbur bo’ladi. Tramp bunga 12 milliard dollar ketadi desa, mustaqil mutaxassislar devorni 40 milliard dollar atrofida baholamoqda. Biroq Tramp bu xarajatlarni Meksika ko’taradi, deya ishontirishga harakat qilmoqda.

Xillari Klinton saylansa ham tashabbuslarini xalqqa tushuntirib berishi kerak bo’ladi.

“Klinton oilada bolalarga munosabat, yirik infratuzilma dasturi, immigratsiya islohoti haqida gapirgan. Unga ovoz bergan amerikaliklar Klintondan tashabbuslarining amalga oshirilishini kutadi”, - deydi Galston.

Bu tashabbuslarni moliyalash uchun esa pul kerak.

“Donald Tramp ijtimoiy muhofaza va tibbiy yordam dasturlarini kesmasligini aytgan. Klinton esa yillik maoshi 250 ming dollardan kam bo’lgan oilalarga soliqlarni oshirmaslikka so’z berdi. Bular quloqqa yaxshi chalinadigan gaplar, biroq faqat boylarni soliqqa solish bilan yetarlicha mablag’ ko’tarib bo’lmaydi”, - deydi “Mas’uliyatli federal byudjet uchun qo’mita” tashkiloti prezidenti Maya Makginis.

Unga ko’ra, keyingi prezidentga zaifroq iqtisodiyot va ishsizlar bozori, tobora kuchayayotgan moliyaviy tengsizlik va o’smayotgan maoshlar, salkam 20 trillion dollarlik qarz meros bo’lib qoladi.

"Xillari Klinton prezident bo’lsa, katta o’zgarishlarni kutmaslik kerak. Tramp saylansa, battar bo’ladi. Ikkisini bir-biriga qiyoslaydigan bo’lsak, Klinton ustun, ammo ularning hech biri biz kutayotgan natijaga erisha olmaydi. Shu sabab har ikkisiga qoniqarsiz baho qo’yardim”, - deydi Makginis.

Uning tashkilotiga ko’ra, Trampning iqtisodiy rejasi qarzga besh trillion dollar qo’shadi, Klintonniki esa 200 milliard dollar atrofida. Hech biridan kamomad kamayishini kutmaslik kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG