Breaking News

Prezident Shavkat Mirziyoyev kimlarni afv etdi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev adolatsiz qamalganlarni afv etdimi yoki o’z aybini tan olgan jinoyatchilarnimi? Prezidentning afv haqidagi farmoni shu kabi savollarni qo’zg’amoqda.

Jamoatchilikka afv tartibi haqida qisqa izoh berilgan. Unga ko'ra, 2 ming 700 nafar mahkum, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslar ozodlikka chiqariladi. Afvga tushganlar qatorida jurnalistlar, huquq himoyachilari, muxolifat a’zolari bor-yo’qligi mavhum; siyosiy mahbuslardan birortasi ozodlikka chiqmagani aytilmoqda. Dindorlarning yangi qaror bo`yicha ozodlikka chiqayotgani ham tasdiqlangani yoq’.

Ijtimoiy tarmoqlarda dindorlar ozodlikka chiqayotgani haqidagi xabarlar bor,ammo ularning aksariyati qamoq jazosini o’tab bo’lgan mahkumlar ekanligi aytilmoqda.

2700 kishi afv etilgan prezident farmonining matni e’lon qilinmagan, tasdiqlangan ro’yxatda kimlar borligi noma’lum.

O’zbekiston tarixida ilk bor mahkumlarni afv etish haqida farmon imzolagan Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 ming kishini ozod etish niyatida bo’lgani, biroq ular orasida qilmishiga pushaymon bo`lganlar kam topilganini, oqibatda 2700 kishini afv etish bilan cheklanganini aytdi.

Prezident 10 ming mahkumni afv etishni rejalagani, ammo chin ko’ngildan pushaymonlik bildirganlar kamligini qayd etgani inobatga olinsa, bu ro’yxatda adolat talab qilishda davom etayotgan jurnalist Dilmurod Sayyid, u qatoridagi boshqa siyosiy mahbuslar bor, deyish qiyin.

Diniy ekstremizmda ayblanayotgan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurullo Otaxonov) prezidentning afv farmonidan mamnun, ammo afv yozuvchining o’ziga tegishli bo’lmagan. Bu haqda unga hech kim, hech narsa demagan.

“Shaxsan menga hech narsa deyishgani yo’q, ehtimol keyinroq aytishar va ishim shu bilan hal bo’lar. Bu juda katta, muhim voqea, birinchi marta afv qabul qilinyapti. Prezidentimizning o’zi aytdi, juda ko’p odamlar adolatsiz qamoqda o’triganini. Odamlardan, qo’shnilardan u chiqdi, bu chiqdi, 159 bilan qamalganlar ham chiqqan, deb eshityapman. Shaxsan mening siyosiy mahbuslar chiqqanidan xabarim yo’q. Bu afv jamoatchilikdagi muhim voqea, hayronman nega tegishli idoralar bu haqda matbuot, radio, televideniye orqali xalqqa tushintirish bermayapti”, - deydi yozuvchi.

Prezidentning farmonidan ko’p o’tmasdan ijtimoiy tarmoqlarda dindorlar qamoqdan ozod etilayotgani haqida xabarlar paydo bo`ldi.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Ulug’bek Bakirga ko`ra, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda qamoq jazosini o’tab bo’lgan va qo’shimcha jazoga tortilmagan dindorlar haqida gap bormoqda, ularning ayrimlari avf farmoniga qadar ozodlikka chiqqan.

“Feysbukda hozir dindorlar afvga muvofiq chiqayotgani haqida xabarlar mavjud. Buni aniq shaxslar yozishyapti, ya'ni afv bo’yicha chiqayotganlar orasida dindorlar ham bor, ayrimlari muddatidan oldin ozod qilingan. Lekin afv qilingan 2700 mahkum orasida siyosiy mahbuslar, jumladan, jurnalistlar, huquq himoyachilari, muxolifatchilar bor-yo’qligi noma’lum. Prezidentning bayonoti yana bir narsa bilan ajablantiradi. Mirziyoyev adolatsiz qamalganlar ko`pligini aytdi, boshqa tomondan esa chin ko`ngildan pushymonlik bildirgan mahbuslar kam, dedi. Ammo adolatsiz qamalgan odamlar nima uchun tavba qilishlari, nimadan pushaymon bo`lishi kerak? Aksincha, ularning hammasini afv bilan chiqarib yuborish lozim edi-ku?” - deydi jurnalist.

Diniy tazyiqlar bois O’zbekistonni tark etgan, dindorlarga afv e’lon qilinishini kutib qochqinlikda yurgan o’zbekistonlik Akmal Nabiyevga ko’ra, prezidentning farmoni shaffof emas, hukumatda dindorlarni qamoqdan chiqarish niyati yo’qdek.

“Men bu yil juda katta narsalar kutayotgan edim, lekin bunga o’xshamaydi, ehtimol kimlargadir tekkandir, lekin ko’pchilikka emas. Bu ko'zbo’yamachilikka o’xshayapti, undan ko`ra biz hali dindorlarni qamoqdan chiqarishga tayyor emasmiz, deb aytishgani ma’qul edi. Bir-ikki kishini chiqarib, mana dindorlar afv etilmoqda, deyishmoqchi”, - deydi Akmal Nabiyev.

Prezident Mirziyoyevning farmoniga berilgan rasmiy sharhda ta’kidlanishicha, afvga tushgan 2700 nafar kishi bilan birma-bir suhbat o’tkazilgan, ular tez orada ozodlikka chiqadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG