Breaking News

Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasiga e’tiroz kuchaymoqda


AQSh, Isroil, Misr va Qatar rasmiylari Qohirada ko’rishib, G’azodagi harbiy harakatlarda yana bir tanaffus e’lon qilish bo’yicha kelishuvga erisha olmadi. Taraflar qayta muloqot qilishini ma’lum qildi.

Xalqaro hayot - 15-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:41 0:00

Rafahda jon saqlayotgan minglab falastinliklar Isroil shaharga qo’shiin kiritishi mumkinligidan xavotirda.

Braziliya Prezidenti Luis Inasio Lula da Silva Isroilning G’azodagi harakatlarini yana bir tanqid qildi, xalqaro tashkilotlar dunyo bo’ylab mojarolarni hal qilishga ojizlik qilayotganini aytdi.

"Isroilning xatti-harakatiga izoh yo’q. XAMAS bilan jang qilish bahonasida ayollar va bolalarni o’ldirmoqda”, - dedi u Qohirada Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sisiy bilan uchrashuvdan so’ng.

Lula Falastinda mustaqil davlat tashkil etilmasa, tinchlik bo’lmasligini aytdi, G’azoda zudlik bilan sulh e’lon qilishga chaqirdi.

Isroil hukumatidagi ayrim vazirlar Falastinga mustaqillik berilishiga qarshi. Moliya vaziri Bezalel Smotrich Falastin davlatini Isroilga tahdid deb atadi. Ichki xavfsizlik vaziri, diasporalar bilan ishlash vazirligi rahbari, ta’lim vaziri va bir necha yahudiy qonunchi ham mustaqillik rejasiga e’tiroz bildirdi.

Kecha Qohiraga so’nggi 12 yilda ilk bor Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham bordi.

“G’azodagi xunrezlikni to’xtatish uchun misrlik birodarlarimiz bilan hamkorlikni va birdamlikni davom ettiramiz. Misr bilan birgalikda G’azoni qayta qurishga tayyormiz”, - dedi Erdog’an.

Turkiya rahbari Sissiy bilan uchrashuv chog’ida o’zaro aloqalar, savdo, Liviya, Sudan va Somalidagi vaziyat yuzasidan ham muhokamalar bo’lganini bildirdi.

G’azo Sektorining Misr bilan chegarada joylashgan Rafah shahrida bir milliondan ziyod falastinlik jon saqlamoqda, aksariyati Rafahga sektorning boshqa hududlaridan qochib borgan va hozir chodirlarda yashashmoqda.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining G’arbiy Sohil va G’azodagi vakili Richard Piperkornning aytishicha, Isroil Rafahga hujum qilsa, ko’plab bemorlar, yaradorlarga xizmat ko’rsatishda qiynalayotgan sog’liqni saqlash tizimi ishdan chiqishi mumkin.

“Aholi zich joylashgan hududda harbiy harakatlar aql bovar qilmaydigan falokatga olib keladi, gumanitar ofatni tasavvur qilib bo’lmaydigan darajada kuchaytiradi. Odamlar yana qochishga majbur bo’ladi, yaradorlar ko’payadi”, - dedi Pipperkorn.

Bundan bir kun oldin Isroil Rafahning sharqiy rayonlariga va janubdagi Xon-Yunusga snaryadlar otgan.

Isroil harbiylari Xon-Yunusda joylashgan al-Nosir kasalxonasida reyd o’tkazgan. Isroil mudofaa kuchlari so’zlovchisi Daniel Xagari kasalxonada XAMAS vakillari yashirinayotgani haqida ma’lumot olinganini bildirdi.

Xon-yunusliklarning ko’pi Rafahga qochgan. Isroil u yerga qo’shin kiritsa, Misr chegarani ochmoqchi emas, falastinliklarning mamlakatga kirishiga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG