Rossiya Boltiq davlatlariga tahdidmi?

  • Amerika Ovozi

Boltiq bo’yi mamlakatlari Rossiya harbiy qudratidan xavotirga tushgan. Kreml ko’p marotaba hujum qilish niyati yo’qligini bildirishiga qaramay, Rossiya qurolli kuchlarining Boltiq dengizida o’tkazgan bir necha harbiy mashqlarini kuzatgan NATOning Rossiya bilan chegaradosh a’zolari bunga ishonmaydi.

O’tgan oy 40 million rossiyalik ishtirokida o’tkazilgan mudofaa mashg’ulotlari ham Litvani tashvishga soldi.

"Gumburlagan ovoz keldi, so’ng Kaliningrad tomon raketa uchdi. Qo’rqib ketdim. Darrov telefonni qo’lga oldimu, Kaliningradga qo’ng’iroq qildim. Surishtirsam, odamlar mashg’ulotlarda qatnashayotgan ekan. Litvada ham hozir tayyorgarliklar boshlangan”, - deydi bu mamlakatga sayohat qilgan rossiyalik tadbirkor.

Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olganidan so’ng Litva harbiy chaqiriqni tiklashga majbur bo’ldi, fuqarolari mudofaaga hozirlanmoqda. Hukumat chiqargan 75 sahifali qo’llanmada Rossiya hujumi paytida nima qilish kerakligi qadamma-qadam yozilgan. Qo’llanmani maktablar, kutubxonalar va davlat idoralarida tarqatish ko’zda tutilgan. Unda qanday kiyim kiyish, nima ovqat yeyish, birinchi yordamni qanday ko’rsatish, harbiy sharoitda o’zini eplash haqida maslahatlar bor.

"Rossiyaning mintaqamiz, xususan, Kaliningraddagi faoliyati, qo’shin to’playotgani ma’lum ziddiyatlarni tug’dirmoqda. Fuqarolarimiz vaziyat haqida boxabar bo’lishni istaydi, qanday qarshilik ko’rsatish kerakligini o’rganmoqchi”, - deydi Litva Mudofaa vaziri Yuozas Olekas.

NATO a’zosi bo’lishlariga qaramay, Boltiq bo’yi mamlakatlari Rossiya bilan gibrid urushiga tayyor turishi kerak, deydi Yevrosiyo bo’yicha amerikalik ekspert Pol Gobl.

"Rossiya Estoniyaga qarshi boshlashi mumkin gibrid urushiga NATO tayyor emas. Estoniyaga rus tanklari yuborilsa, NATO bu davlatni mudofaa qila olishi mumkin. Biroq Estoniya ichida ayrim holatlarni yaratib, vaziyatni izdan chiqarishga Rossiya qo’l ursa, alyans biror nima qilishga ojiz bo’ladi”, - deydi Gobl.

Tahlilchiga ko’ra, Putin hukumati bir necha yil oldin Gruziyada, so’ng Ukrainada urushning noan’anaviy usullarini qo’llagan. NATO so’nggi oylarda Boltiq mamlakatlari va Polshaga qo’shimcha askar yuborgan. Moskva bu harakatlarni tahdid deya talqin qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG