AQSh generali: Rossiyaga ishonch yo'q

  • Amerika Ovozi

AQSh birlashgan shtab qo’mondoni general Martin Dempsi

AQSh birlashgan shtab qo’mondoni general Martin Dempsi

AQSh bosh harbiysi, birlashgan shtab qo’mondoni general Martin Dempsi deydiki, Rossiya Ukrainadagi mojaroda dunyoni laqillatishda davom etmoqda, tinchlik yo’lida biror qadam qo’yayotgani yo’q.

AQSh Rossiyani Ukraina sharqidagi qurolli guruhlarni tinimsiz qo’llayotganlikda, ularga ilg’or aslaha va qudratli vositalar uzatib turganlikda ayblaydi. Ukraina Rossiyaga qarshi shu kungacha biror harakat qilgani yo’q axir, deydi general Dempsi.

Rossiyada tobora kuchayib borayotgan millatchilik va unga asoslangan siyosat, Vladimir Putin olg’a surayotgan g’oyalar boshqa yurtlarga ham sochilmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi, deydi general Kolorado shtatida so’zlar ekan.

"Meni xavotirga soladigan narsa shuki, Putin yoqqan olov nazoratdan chiqib, uni o’zi ham idora eta olmay qoladi. Millatchilik o’ta xavfli harakatlarga yo’l ochadi. Yevropada ham shu to’lqin avj olayotgani ma’lum. Shu bois Rossiya tashlayotgan qadamlar meni juda xavotirga soladi”,- deydi general Dempsi.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, rasmiysi Stiv Vorrenning qayd etishicha, Rossiya oxirgi paytlarda Ukraina sharqiga og’ir kalibrli, uzoq masofani nishonga oladigan, keng miqyosli hujumlarni amalga oshirishga qodir qurollar uzatgan.

O’tgan hafta Donetskda urib tushirilgan yo’lovchi samolyotda 300 ga yaqin odam bo’lgan. Hammasi o’lgan. Amerika xulosasi shuki, samolyotni Rossiya quvvatlagan va u tomondan qurollangan jangarilar nishonga olgan. Fuqarolari nobud bo’lgan Niderlandiya, Avstraliya va boshqa davlatlar Rossiyaga bosimni oshirib, tekshiruv va tergov uchun sharoit yaratib berishni talab qilmoqda. BMT boshchiligidagi mustaqil komissiya bemalol ishlay olishi shart, deydi diplomatlar.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirmoqda. Kreml ta’biricha bu cheklovlar vaziyatni og’irlashtiradi xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG