Rossiya G’arbdan o’ziq-ovqat importini taqiqladi


Rossiya G’arb davlatlaridan oziq-ovqat xarid qilishni bir yilga to’xtatdi. Bundan rus iste’molchilari hamda xorijdagi fermerlar birdek ziyon ko’radi, deydi tahlilchilar.

Kremlning qarori AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo’yilgan sanksiyalarga javobdir. Rossiya Amerika va Yevropadan, shuningdek, Avstraliya, Kanada va Norvegiyadan meva, sabzavot, go’sht, baliq va sut mahsulotlari importini taqiqladi.

Ukraina samolyotlariga Rossiya osmonidan uchib o’tish ham taqiqlangan.

Bosh vazir Dmitriy Medvedevning aytishicha, mahalliy fermerlar endi bozorga ko’proq mahsulot chiqarish imkoniyatiga ega bo’ladi.

O’tgan yili Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qariyb 16 milliard dollar, AQSh esa 1.3 milliard dollarga teng oziq-ovqat eksport qilgan. Rus mulozimlariga ko’ra, G’arb bilan savdo-sotiq to’xtagani do’kon rastalari bo’shab qoladi degani emas, chunki Janubiy Amerika, Turkiya va Xitoy kompaniyalari mahsulot yetkazishga tayyor.

Rossiya o’tgan yili chet davlatlardan 43 milliard dollarga teng oziq-ovqat xarid qilgan, jumladan pishloq, cho’chqa va tovuq go’shti, spirtli ichimliklar va meva. Yirik shaharlar, xususan Moskvaga oziq-ovqatning 60 foizi chetdan olib kelinadi.

G’arb davlatlari nazarida Ukraina sharqida separatistlarni har jihatdan qo’llab-quvvatlayotgan aynan Rossiyadir. Kreml bu da’volarni qat’iyan rad etib keladi.

AQSh va Yevropa sanksiyalariga javoban, Moskva G’arb aviakompaniyalarining Rossiya osmonidan uchib o’tishini taqiqlash ustida ham o’ylanmoqda. Agar taqiq kuchga kirsa, Yevropadan Osiyoga samolyot chiptalari narxi keskin ko’tariladi.

XS
SM
MD
LG