Breaking News

Jinsiy qullikdan keyingi reabilitatsiya


AQSh Davlat departamenti odam savdosi avjiga chiqqan dunyoning 23 nuqtasini e’tirof etdi. Ular Belarus, Markaziy Afrika davlatlari, Burundi, Kongo, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya, Sudan, Suriya, O’zbekiston va Venesuela.

Jinsiy zo’ravonlik AQShda ham kuchayib borayotganiga qaramay, muammoning oldini olish va reabilitatsiya choralari Amerikada yo’lga qo’yilmoqda.

Maxsus loyiha ustida trening boshlangan.

Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahridagi xalqaro aeroport xodimlari jinsiy qullikdan jabr ko’rganlarni tanib olishni o’rganyapti.

Trener styuardessa Donna Xabbard. Uning o’zi odam savdosidan omon qolganlardan.

“Passajirlar orasida notinch, tashvishli ko’ringan bolalarni, ular bilan birga uchayotgan odamlarni kuzataman. Ular bir-biriga o’xsharmikin deb qarayman”, - deydi u.

Xalqaro Aeroport uyushmasi dunyo bo’ylab xalqaro reyslar uchun 6000dan ortiq xodimni bu borada treningdan o’tkazgan.

Jabr ko’rganlar qutqarilgan bo’lsa-da, ularning hayotini yo’lga qo’yish vaqt talab qiladi. Ba’zan ular “Ertaning yoshlari” kabi dasturlarda reabilitatsiyadan o’tadi. Bu dastur Virjiniya shtatida, xarajatlar oyiga 12 ming dollargacha boradi. Jabrdiydalar shu yerda yashaydi, o’qiydi, o’ziga o’xshaganlar bilan dardini bo’lishadi.

“Jabr ko’rganlarning, ayniqsa qizlarning ahvoli haqiqatda og’ir bo’lsa, “keling, xudodan shifo tilaymiz” deyish bilan ish bitmaydi”, - deydi murabbiy Megan Sezar.

2017-yilda bu dastur 37 nafar jabrdiydaga yordam qo’lini cho’zgan.

Poytaxt Vashington markazidamiz…

Kortni Xaus tashkiloti Feysbukda jonli muloqot orqali jinsiy zo’ravonlikka uchraganlarni shu markazga taklif qilmoqda. Bu markazni shu jinoyatdan omon qolgan Tina Frundt boshqaradi. Uning aytishicha, reabilitatsiya jarayonida an’ana va qadriyatlarlari turlicha bo’lganlar bilan ishlash oson bo’lmayapti. Jinsiy qullikka uchrayotganlar Feysbuk, Instagram va Snapchat orqali tuzoqqa tushgan.

“Onalar ham bolam bir marta markazga borib kelsa hammasi o’rniga tushib ketadi deb o’ylaydi. Ularning o’zi zo’ravonlik muammolarini tushunmaydi, uyda ham shug’ullanish kerakligini bilmaydi”, - deydi u.

Odam savdosiga qarshi kurashayotgan tashkilotlardan biri xodimi Bill Vulf, Amerikada ham bu mavzuni isnod deb qaraydiganlar bo’lishi mumkin, degan fikrda.

“Maktablarda bu mavzu ko’tarilmaydi, uyda ham, umuman, hech qaerda bu haqda og’iz ochishni istamaymiz”, - deydi u.

Xalqaro mehnat tashkiloti 2016-yilda dunyo bo’ylab taxminan besh millionga yaqin inson odam savdosiga duchor bo’lganini aytmoqda. Bill Vulfning fikricha, bu mavzuning ko’ratilayotgani - o’zi bir progres.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG