Breaking News

AQSh va Janubiy Koreya rahbarlari 28-iyunda uchrashadi


Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In
Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In

Shimoliy Koreya qamoqxonasidan ozod etilganidan so’ng AQShda komaga tushib vafot etgan amerikalik talaba Otto Vombayerga munosabat Qo’shma Shtatlarning Pxenyanga nisbatan siyosatini yanada sovuqlashtirishi aniq.

28-iyun kuni Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In Vashingtonda AQSh rahbari Donald Tramp bilan uchrashib, Shimoliy Koreya ballistik raketa va yadro dasturlari xususida fikr almashadi. Vashington bu mamlakatni jazolamoqchi, ammo Seuldagi yangi hukumat qo’shni davlatga nisbatan o’zgacha siyosat yuritmoqchi.

Vashington zarur bo’lsa, harbiy kuch ishlatishga tayyor; Pekindan Pxenyanga iqtisodiy bosim qo’yishni so’ragan. Biroq Tramp nazarida, Xitoyning harakatlari ish bermadi.

Janubiy Koreya rahbari esa shimol bilan muloqotni kuchaytiraylik, deydi.

“Kim Chen Un o’z hokimiyati uchun xavfsizlik kafolatlarini istaydi”, - dedi Janubiy Koreya prezidenti.

Mun Jey Inning bunday yondashuvini Vashington olqishlamayapti. Ayniqsa Trampning keskin siyosatini Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe qo’llab-quvvatlaganidan so’ng.

“Prezident Tramp Janubiy Koreyaning farqli siyosatiga norozilik bildiradi deb o’ylayman”, - deydi Garvard universitetidan Jon Pak.

Prezident Mun Shimoliy Koreya raketalaridan mudofaa qilish uchun AQSh uzatgan sistemani to’liq ishga tushirmoqchi emas hozircha. Unga ko’ra, bundan oldin uning atrof-muhitga ta’sirini o’rganish zarur. Bu qaror ham Vashingtonga xush kelmadi.

Ba’zilar nazarida, Seul AQShning raketaga qarshi mudofaa sistemasiga e’tiroz bildirgan Pekin bilan aloqalarni buzishni istamayapti, chunki tizim Xitoy chegarasiga yaqin joyga qo’yilishi rejalangan.

Natijada Tramp AQSh-Janubiy Koreya erkin savdo shartnomasini to’xtatib qo’yishini aytgan. O’tgan yili bitim sabab ikki davlat savdosida AQSh kamomadi 27 milliard dollarga to’g’ri keldi.

Janubiy koreyalik tadbirkorlar Amerika nefti va boshqa mahsulotlarini sotib olish uchun o’z prezidentidan 10 milliard dollarlik jamg’arma tuzishni so’ramoqda.

Amerika-Koreya savdo palatasi sobiq raisi Jeffri Jounsning aytishicha, agar shunday qilinsa, Tramp Twitter orqali maqtovli gaplar yozishi mumkin, chunki u Amerikada ishlangan mahsulotlarning xorijga savdosini oshirishga va’da bergan.

Bundan tashqari, Janubiy Koreyaga qarashli “Hyundai” avtomobil kompaniyasi Amerikada ko’plab zavodlar qurib, 45000 odamni ish bilan ta’minlagan, AQSh iqtisodiyotiga 138 milliard dollarlik hissa qo’shgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG