Suriya fuqaro urushiga tortilmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha vakili Kofi Annan bu davlat urush yoqasida turibdi, deya ogohlantirmoqda.

Liganing Qatarda o’tgan favqulodda majlisida Annan prezident Bashar al-Assadni sulh shartlarini zudlik bilan bajarishga chaqirdi.

“Suriyada minglab odam uy-joysiz, qochqinlar ko’paymoqda. Mojaro chegara osha qo’shni davlatlarga ham tarqalyapti”, - deydi u. Kofi Annanning tinchlik rejasi Suriya uchun so'nggi imkoniyat deb ko'riladi

Kofi Annanning tinchlik rejasi Suriya uchun so'nggi imkoniyat deb ko'riladi

Kuni-kecha Livan shimolidagi port shahar Tripolida kechgan to’qnashuvlarda 7 kishi halok bo’lgan, 30 nafari jarohatlangan.

Arab Ligasining taklifi shuki, BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga tinchlikparvar qo’shin kiritishi kerak. Hozir u yerda 300 kuzatuvchi faoliyat yuritadi.

AQSh Davlat departamenti Suriyada ommaviy qabrlar va aholiga hujumlarni aks ettirgan tasvirlarni internetda chop etdi. Sun’iy yo’ldosh orqali olingan suratlarni humanrights.gov sahifasida ko’rish mumkin.

25-may kuni Suriyaning Xula qishlog’ida 108 jasad topilgan edi, qariyb yarmi bolalar. AQShning Suriyadagi elchisi Robert Ford deydiki, qatliom Bashar al-Assad rejimining jinoiy tabiatini fosh etdi.

BMT inson huquqlari kengashi voqeani mustaqil tergov qilish uchun ruxsat so’ramoqda. Insoniyatga qarshi jinoyat sodir etilgan bo’lishi mumkin, deydi kengash rahbari Navi Pillay. Qon to’kilishlari Suriyada 15 oydan beri davom etmoqda. Xalqaro hamjamiyat chora ko’rmasa bo’lmaydi, degan chaqiriqlar ketidan BMT mamlakatga 300 kuzatuvchi yuborgan. Aprel oyida sulhga erishilgan edi. Ammo Xula fojiasi bu tadbirlar samarasiz ekanini namoyish etdi.

BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya hukumatiga qarshi tanqidiy rezolyutsiyalar va kuchli sanksiyalar qo’yish taklifini Rossiya va Xitoy muntazam to’sib keladi. Prezident Vladimir Putinning ta’kidlashicha, sulh ish berishi uchun vaqt kerak. Muhimi, mojaro fuqaro urushiga aylanib ketishini bartaraf etishdir, deydi Putin.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton nazarida esa Kreml masalaga xolisona yondashayotgani sezilmaydi. Rossiya ittifoqchisi Suriyaga qurol-yarog’ yetkazishda davom etayapti, deydi Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG