Suriya muxolifati: Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi kerak

  • Amerika Ovozi

Daraya shahridagi manzara, 15-yanvar, 2014

Daraya shahridagi manzara, 15-yanvar, 2014

Turkiyada asoslangan Suriya muxolifati kelasi hafta Jenevada o’tishi kutilayotgan xalqaro anjumanda qatnashadi.


AQSh oppozitsiyani “albatta keling” deya undayotgan edi. Lekin Suriya muxolifatchilari nazarida prezident Bashar al-Assadga konkret shartlar qo’yilmasa, mamlakat kelajagi qil ustida qolaveradi, hozirgi ichki urushlar barham topmaydi.

Assad ketishi kerak, vassalom, deya bildiradi Suriya Milliy Koalitsiyasi deya tanilgan harakat a’zolari.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim kecha Moskvada bo’lganida, sulh haqida gapirgan. Unga ko’ra, eng yirik shahar Halabda urushni to’xtatish rejasi mavjud. Isyonchilar bilan mahbus almashiladi va murosa qilinadi. Suriya bu borada Rossiya madadidan umidvor.

Damashq nazarida isyonchilar – terroristlar. Yangi hukumat tuzish haqida gapirganda, deydi rasmiylar, ekstremistlar bilan til topishish borasida so’z ochmaslik kerak.

G’arb, xususan Amerika esa yangi hukumatda Bashar al-Assadga o’rin yo’q degan pozitsiyada. Muxolifat xalqaro muhokamalarda faol qatnashishi va mamlakat kelajagini qanday ko’rishini tushuntira bilishi lozim, deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun fikricha, eng asosiysi tinchlikka erishish va “bu masalada biz yetakchilik qilishimiz lozimligini tan olamiz”,- deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG