Breaking News

AQSh va uning ittifoqchilari Suriyaga qarshi qanday chora ko'radi?


Shimoliy Suriyadagi AQSh kuchlari
Shimoliy Suriyadagi AQSh kuchlari

AQSh va uning yevropalik ittifoqchilari 12-aprel kuni Suriyada hukumat tomonidan kimyoviy gaz qo'llanishiga hamda tinch aholining o'ldirilishiga chek qo'yish yo'llarini muhokama qildi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Assad kuchlari poytaxt Damashq yaqinidagi Duma shahrida xlor gazini qo'llagani haqida dalil borligini aytdi. AQSh rasmiylari esa taqiqlangan kimyoviy modda qo'llanganiga ishonishlari, ammo aniq dalil izlashayotgani haqida gapirgan.

AQSh Prezidenti Donald Tramp o'z xavfsizlik kengashi bilan Suriya masalasini gaplashgan bo'lsa, Mudofaa vaziri Jim Mattis Vakillar palatasida shu haqda hisobot berdi.

"Begunoh odamlar o'limini to'xtatishga harakat qilyapmiz, lekin strategik darajada vaziyatning izdan chiqib ketishiga yo'l qo'ymaslikka urinyapmiz", - dedi Mattis.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Suriyani keskin tanqid qilib, Assad kuchlari taqiqlangan gaz qo'llagani haqida dalil borligini aytdi.

"O'tgan hafta kimyoviy qurollar ishlatilgani haqida bizda dalil bor va ularni Bashar Assad rejimi qo'lladi", - dedi u.

Makronga ko'ra, AQSh va ittifoqchilar Assadning kimyoviy qurol sanoatini yo'q qilish uchun harbiy chora ko'rish yo'llari haqida gaplashmoqda.

Germaniya Kansleri Angela Merkelning aytishicha, Suriya 2013-yilda kelishilganidek, kimyoviy qurollarini yo'q qilmagan. Lekin u Germaniya kuchlari Suriyadagi harbiy harakatlariga qo'shilmasligini aytdi, ammo gaz hujumiga qarshi barcha choralar ko'rilishini ma'lum qildi.

Suriyaning asosiy ittifoqchisi Rossiya esa vaziyatni og'irlashtirmaslikka chaqirmoqda.

"Biz 2018-yilda yashayapmiz. Barcha aloqa vositalari bor, xususan, "Twitter". Bu kabi muammolarni bitta qo'ng'iroq yoki maktub jo'natish bilan hal qila olamiz. Shunday ekan, bu ishni kuch bilan emas, aloqa yo'li bilan hal qilishimiz kerak", - dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Mariya Zaxarova.

Fransiyalik tahlilchiga ko'ra, kimyoviy qurol qo'llangani tasdiqlansa, G'arb chora ko'rishi shubhasiz.

"Vaziyat yanada yomonlashishi xavfi bor. Suriyaga hujum qilish yaxshi yechim emas, lekin kimyoviy qurol qo'llanishi ortidan hech narsa qilmaslik yanada yomon yechimdir", - deydi Dominik Moisi.

O'tgan yilgi kimyoviy hujum ortidan AQSh Suriyadagi ayrim manzillarni bombalashi Assad rejimiga jiddiy zarar yetkazmadi. Bu safar choralar ta'siri kuchliroq bo'lishi kerak, deydi AQShning Suriyadagi sobiq elchisi Edvard Jerejian.

"Bu kabi hujumlar qayta amalga oshmasligi uchun harbiy infratuzilmaga zarar yetkazish lozim", - deydi u.

Suriyada fuqarolar urushi sakkizinchi yilga o'tdi va hanuz uning oxiri ko'ringani yo'q.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG