AQSh tayyorlagan suriyalik isyonchilar qurollarini jangarilarga bergan

  • Amerika Ovozi

Suriyada Prezident Bashar Assad hokimiyatiga qarshi kurashayotgan isyonchilar qo'mondonlaridan biri AQSh yetakchiligidagi koalitsiya bergan yuk mashinalari va o'q-dorilarni al-Qoidaga aloqador "Al-Nusra fronti" jangari guruhiga o'z qo'li bilan topshirganini tan oldi. Bu Pentagon suriyalik isyonchi kuchlar uchun ishlab chiqqan harbiy tayyorgarlikdan o'tgan odamning gapi.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi ma'lumotiga ko'ra, ushbu qo'mondon bo'linmasiga berilgan harbiy uskunaning choragi o'tgan hafta jangarilarga yo'ldan bexatar o'tish evaziga uzatilgan.

Pentagon shu kungacha "Yangi Suriya kuchlari" deb nomlanuvchi bu bo'linma qurollarining bir qismini jangarilarga topshirgani haqidagi xabarlarni inkor etib kelayotgan edi. Endi esa AQSh Mudofaa vazirligi bu holatni tan olishga majbur bo'ldi.

"Agar "Yangi Suriya kuchlari" "Al-Nusra fronti"ga uskunasini berayotgani haqidagi xabarlar to'g'ri bo'lsa, bu juda ham tashvishlanarli hol bo'lib, bizning suriyalik isyonchilarni tayyorlash dasturimizga xilofdir", - dedi Markaziy qo'mondonlik matbuot kotibi polkovnik Patrik Rayder.

O'tgan hafta boshida "Al-Nusra fronti" jangchilarining koalitsiya miltig'i bilan tushgan suratini Twitter dagi sahifasida chop etib, "Yangi Suriya kuchlari" bir hafta oldin Suriyaga kirayotib barcha qurollarini topshirganini da'vo qildi.

Pentagon Twitter dagi bu surat eski ekanini aytish bilan cheklandi. Biroq bir necha kun o'tgach, fikrini o'zgartirdi.

Respublikachi senator Deb Fisher va demokrat senator Kler Makkaskil suriyalik isyonchilarni tayyorgarlikdan o'tkazish dasturi Obama ma'muriyati tomonidan qayta ko'rilgani haqida Mudofaa vaziri Eshton Karterdan ma'lumot olmoqchi.

Nufuzli senator Jon Makkeyn dastur ish bermaganini tan oldi.

Qo'shma Shtatlar Assad rejimiga muxolif kuchlarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazib, qurollantirib, ular yordamida "Islomiy davlat"ni mag'lub etishga umid qilgan edi. Shu maqsadda 500 million dollar ajratildi. Ammo Markaziy qo'mondonlik rahbari general Lloyd Ostinning aytishicha, dastur ish bermadi.

"Harbiy tayyorgalikdan 60 kishi o'tgan. Shulardan 5-6 tasi jangga kirgan, xolos", - dedi general.

Dastur iyul oyida boshlanganida Turkiyada tayyorgarlikdan o'tgan ilk guruh Suriyaga kirganida "Al-Nusra fronti" uning yetti a'zosini qo'mondoni bilan o'g'irlab ketdi.

Suriyalik isyonchilarning e'tirozi shuki, AQSh harbiy tayyorgarligidan o'tgan kuchlar "Islomiy davlat" emas, Assad qo'shinlariga qarshi jang qilishi lozim. Biroq Assadni 2011-yildan beri hokimiyatdan olishga intilayotgan faollar nazarida Amerikaning bunday shartlari bilan katta qo'shin to'plash mumkin emas, chunki isyonchilar hukumat kuchlariga qarshi jang qilishni istaydi.

"Islomiy davlat" bilan olishib, Assad armiyasi oldida zaiflanishni xohlamaymiz", - deydi isyonchilar qo'mondonlaridan biri.

"Islomiy davlat" va "Al-Nusra fronti" jangari guruhlari ham isyonchilar bilan, ham Assad qo'shinlari bilan olishmoqda.

Rossiyaning Suriyada faollashayotgani natijasida isyonchilarning vazifasi yanada qiyinlashadigan bo'ldi. Latakiya shahri yaqinidagi harbiy bazalarga yetkazilgan rus harbiy texnikasi va qo'shinlari terror guruhlariga qarshi kurash va Assad rejimini himoya qilish bilan shug'ullanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG