Breaking News

Suriya muxolifati tinchlik muloqotidan chiqishi mumkin


Suriya muxolifati delegatsiyasi vakillari Jenevada, 2-fevral, 2016-yil.
Suriya muxolifati delegatsiyasi vakillari Jenevada, 2-fevral, 2016-yil.

Rossiya kuchlari yordamida Suriya hukumatining Xalab shahri yaqinida yangi amaliyot boshlagani mamlakatdagi besh yillik urushni tugatishga qaratilgan Jeneva muloqotini to'xtatib qo'yishi mumkin. Ayni paytda anjumanda Suriya hukumati delegatsiyasi va muxolifat vakillari ishtirok etmoqda. Muxolifat so'zlovchisi Farah Atassi Rossiya va rejim harbiylarini ulkan bosqin uyushtirganlikda ayblab, muxolifat muzokaralardan chiqishi mumkligi haqida ogohlantirdi.

Rimdagi xalqaro anjumanda shu mavzuda gapirgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya ham uzoq yillik ixtilofga chek qo'yilishidan manfaatdor ekanini aytdi.

"BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan De Mistura aytdiki, otishmalarni to'xtatish Xalqaro Suriya yordam guruhidagi yetakchi kuchlarga bog'liq. Unga ko'ra, agar Jeneva muloqoti muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Suriya uchun boshqa umid yo'q", - dedi Jon Kerri.

Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyaning qamal ostida qolgan uch shahriga oziq-ovqat yetkazishi to’g’risida Damashqni xabardor qildi. Mamlakatda 13 million odam ko’makka muhtoj.

Madaya, Fua hamda Kifraya shaharlariga gumanitar karvon yaqin kunlarda yo’lga chiqishi kerak.

Suriya poytaxti Damashqdan 40 kilometr narida joylashgan Madaya bir necha oydan beri armiya qamalida. Isyonchilar Idlib viloyatidagi Fua va Kifraya shaharlariga olib boradigan yo’llarni to’sib qo’ygan.

Gumanitar xodimlar bu joylarda ahvol juda og’ir, deydi. BMTga ko’ra, Madayada odamlar ochlikdan nobud bo’lmoqda. 40 ming aholiga atigi ikki shifokor ko’mak ko’rsatyapti.

Shuningdek, qochoqlarning Yevropa mamlakatlariga kirib kelishi bilan bog'liq bahs-munozara davom etmoqda. O'tgan yilning mayidan beri 40 dan ortiq ekstremist Yevropa chegaralarida to'xtatib qolingan; ular Suriya qochoqlari sifatida chegaradan o'tmoqchi bo'lgan, deya xabar bermoqda xalqaro terrorizmni o'rganuvchi tashkilotlardan biri.

AQShda joylashgan Terrorizm tadqiqotlari va tahlili markazining shu hafta ma'lum qilishicha, "Islomiy davlat"ga aloqador 41 jangari hamda "Al-Qoida"ning Suriyadagi hamkori "Jabhat al-Nusra"ga mansub ikki shaxs chegarada ushlab qolingan. Ularning ayrimlari soxta pasportlardan foydalangan.

43 odamdan 19 tasi Turkiyada qo'lga tushgan; qolganlari esa Yevropa Ittifoqigacha yetib borgan.

Xalqaro qutqaruv qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, yanvarning dastlabki uch haftasida 36 ming qochoq Yevropaga kirgan. Ularning aksariyati Yaqin Sharq o'lkalari va Afrikaning qashshoq davlatlaridan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG