Breaking News

Tahlil: Tojikistonga dindor yoki toliblar emas, ichki ziddiyat xavf soladi


Abudaryo sohillari, Afg'oniston va Tojikiston chegarasi
Abudaryo sohillari, Afg'oniston va Tojikiston chegarasi

Afg’oniston bilan eng uzun, 1400 kilometrdan ortiqroq umumiy chegaraga ega Tojikiston uchun hozir janubdan kelayotgan xavf har doimgidan kattaday ko’rinadi.

Tojikiston-Afg'oniston chegarasidagi ahvol
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:51 0:00

Bu yil ham ba’zi tahlilchilar bahor oylari Afg’onistonda toliblarning xurujlari avj olishini ta’kidlamoqda.

Shu kunlarda Tojikiston harbiylari Amerika va rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda bir necha o’quv mashqlari o’tkazmoqda. AQShdan xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo’yicha malakali 150 nafar mutaxassis tojik hamkasblari bilan tajriba almashish uchun kelgan va keyingi oyning ikkinchi haftasigacha Tojikistondagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etishadi.

Afg’onistonda Tolibonning bahorgi xurujlari ehtimoli ortishi haqidagi ogohlantirishlar ketidan Tojikiston harbiy o’quv mashg’ulotlarida minglab Rossiya harbiylari ham ishtirok etmoqda. Buning uchun Rossiya o’zining zamonaviy harbiy uchoqlarini ham jo’natgan.

AQSh va Rossiya harbiylarining Tojikistonda bir vaqtning o’zida alohida-alohida amaliyotlar o’tkazishi, kuzatuvchilarga ko’ra, jangarilarning shimoliy chegaralar tomon harakatlanishining oldini olishi mumkin.

Sho’rolar davrida Afg’onistonda xizmat qilgan tojik mulozimining fikricha, bu mashg’ulotlar va tajriba almashuvlar jangarilar maqsadlaridan qaytara olmaydi, jang qilish ular uchun kundalik yumushga aylangan.

Ammo siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshevning fikricha, masala qo’shni davlatdagi toliblar yohud boshqa jangarilarda emas.

"Afg’oniston o’zi bilan o’zi ovora, lekin shunday kuchlar paydo bo’lishi mumkinki, Markaziy Osiyoga bir yo’l ochib, bu hududni tashvishga soladi. Toliblarning Tojikistonga yoki boshqa shimoliy qo’shnilariga xavfi haqida so’z yuritayotganlar aslida vahima qilishadi. To’g’ri, oldin aytganimdek, buning ehtimoli bor, ammo yana ta’kidlaymanki, gap toliblarda emas. Ularning ichki muammolari o’zlariga yetib ortadi. Qaysidir bir nazoratsiz guruhlar ehtimol, chegarani yorib o’tishi mumkin bo’lar, lekin ular lokal harakterdan ortmaydi, shimolga ko’lamli hujum uyushtiradigan kuchning o’zi yo’q", - deydi Abdujabbor.

Yo’ldoshevning fikricha, hozir bir vaqtning o’zida ham AQSh, ham Rossiya harbiylarining Tojikistonda o’tkazayotgan mashg’ulotlari jangarilarga yaxshi ogohlantirish bo’lishi mumkin, bundan ortiq emas.

"Ammo bu Tojikiston hukumatiga yaxshigina dalda ekanligi ayon", - deydi tojik eksperti.

Mahalliy sharqshunoslardan biri, Anatoliy Hayimshoyev aytadiki, qo’shni Afg’oniston bilan savdo-sotiqni rivojlantirish, chegara oldi hududlarda bordi-keldini ko’proq yo’lga qo’yish zarur. Negaki, har qanday sharoitda ham tinch aholi kundalik hayot tashvishlari bilan band bo’ladi.

"Amerikaliklarning Amudaryo irmog’i - Panj daryosida Afg’oniston va Tojikiston o’rtasida qurgan ko’priklar ikki qo’shni davlat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo’shishi kerak edi. Lekin shu paytgacha o’sha ko’priklar nima naf beryapti, ikki qo’shni mamlakatga qanday yengilliklar keltirdi, orada qanaqa aloqalar rivojlandi, yana nimalar qilish kerak, bular haqida hech kim yozmaydi, gapirmaydi, hech qanaqa ma’lumot yo’q. Holbuki, chegarada Tolibon nima qilgan bo’lsa, darrov ovoza bo’ladi, shov-shuv ko’payadi. Oddiy aholining chegara hududlarida qanday yashayotgani, nima tirikchilik o’tkazayotgani yoritilmaydi. Nazarimda o’sha ko’priklar tinch vaziyatda o’z vazifasini to’laqonli bajarishi kerak, ulardan namunali foydalana bilish zarur", - deydi Anatoliy.

Hozir afg’onlar ham ish, ham jang bilan shug’ullanishga odatlanib qolgan, agar tanlash imkoniyati bo’lsa, shubhasiz, ular tinch mehnatni tanlashadi, deydi Anatoliy.

Qirq yildan ortiq tinchlik bilmayotgan qo’shni Afg’onistonning Tojikistonga tahdidi borasida so’z yuritgan muxolifatdagi tojik tahlilchilaridan biri aytadiki, mavjud hukumat uchun eng katta xavf tashqaridan emas, ichkarida bo’lgan norozi qatlamdir.

"Albatta, o’sha janubiy tahdidni nazardan qochirib bo’lmaydi, zero bu haqda rus tahlilchilari ham, mintaqa muammolari bilan shug’ullanuvchi boshqalar ham gapirib kelmoqda. Bugun islom olamidagi vaziyat, xususan, Markaziy Osiyo-Afg’oniston chegara hududlaridagi ahvol ko’pchilikning diqqatida turibdi, shuningdek, afg’on jangarilari safida Markaziy Osiyo mujohidlari ham borligi alohida diqqat talab etadi. Ya’ni Tojikistonda hozir ba’zi diniy va fuqarolik huquqlari cheklovlarining mavjudligi, turli bahonalar bilan muxolifatdagi ayrim siyosiy harakatlarning bo’g’ilayotgani, qamoqlarda qolayotgan ba’zi shaxslarning turli ayblar bilan azoblanayotgani ana o’sha mujohidlarning ichkari bilan hamdardligini, birdamligini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa, ba’zi chegara nohiyalarida beqarorlikni yuzaga keltira oladi",- deydi hozir Ukrainada yashayotgan tojik siyosatshunosi.

Uning fikricha, hozirgi tojik hukumatiga dindorlar yoki tolibon emas, faol fuqarolarning siyosatdan uzoqligi, haqsizligi ko’proq tahdid soladi.

Chunki haqsiz qolayotgan har qanday sarmoyador uzoq jim qolmaydi, ularning siyosiy malakasizligi esa, oqibatda zilzilaga sabab bo’ladi, deydi muhojirotdagi siyosatshunos.

XS
SM
MD
LG