Breaking News

Erdog'an: Quddusni Falastin poytaxti deb tan olishga chaqiraman


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

AQSh Prezidenti Donald Trampning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish qarorini muhokama qilish uchun musulmon dunyosining 22 yetakchisi Istanbulda yig'ildi.

Anjuman 57 davlatni o'z ichiga oluvchi Islom konferensiyasi tashkiloti doirasida bo'lib o'tmoqda. Musulmon davlatlar sammitda Trampning Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish qarorini keskin tanqid qildi.

"Xalqaro huquq va adolatni qadrlaydigan davlatlarni bosqin ostidagi Quddusni Falastin poytaxti sifatida tan olishga chaqiraman", - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an.

Anjumanda 22 musulmon o'lkasidan davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Ular orasida Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Iordaniya qiroli Abdulloh II, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Bangladesh Prezidenti Abdul Hamid hamda Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bor. Misr va Saudiya Arabistoni kabi boshqa 23 davlat sammitga quyiroq lavozimdagi rasmiylarini jo'natgan.

Istanbulda o'tgan Islom konferensiyasi tashkiloti anjumani
Istanbulda o'tgan Islom konferensiyasi tashkiloti anjumani

Eng keskin tanqidlardan biri Falastin Prezidenti Mahmud Abbos tomonidan bildirildi. U Tramp qarorini jinoyat bilan tenglashtirdi.

Falastinliklar bundan buyon tinchlik jarayonida AQSh ishtirokini qabul qilmaydi, chunki Vashington Isroil yonini olmoqda, dedi Abbos.

"Biz bugun bu yerda shuni aniq aytish uchun yig'ilganmiz: Quddus Falastin davlatining poytaxti bo'lgan, bo'ladi va har doim shunday bo'lib qoladi", - deya qo'shimca qildi Falastin rahbari.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li ayrim arab davlatlarini Trampdan qo'rqayotganlikda aybladi.

"Ayrim arab davlatlari Trampga qarshi chiqishni istamayotganga o'xshaydi", - dedi u.

Jiddiy diplomatik to'siqlarga qaramay, Erdog'an sammitda "Istanbul deklaratsiyasi" nomi ostida Tramp qaroriga qarshi amaliy choralar rejasi qabul qilinishidan umidvor.

Trampning Quddusga oid bayonoti barcha musulmon o'lkalarida tanqidga uchragan bo'lsa-da, bu birdamlik musulmon o'lkalari orasidagi ziddiyatlarni yumshata olishi dargumon.

Erdog'an AQSh qarorini eng keskin tanqid qilayotgan yetakchilardan biri. Anqaraga tashrif buyurgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Anqaraning qarashini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG