Breaking News

Irqiy hujumlar - Tramp saylov strategiyasining bir qismimi?


Texasning El-Paso shahrida 20 odamning hayotiga zomin bo’lgan otishmaga oq tanli millatchining qo’l urgani haqidagi xabarlardan so’ng ayrim kuzatuvchilar Prezident Donald Tampning muhojirlar va ozchilikdagi guruhlarga qarshi bayonotlari, odam ajratishga qaratilgan izohlari 2020-yilgi prezident saylovlarida g’alaba qilishga qaratilgan strategiyaning bir qismi sifatida ish bermasligi mumkinligini aytmoqda.

Davlat rahbarining irqiy mavzudagi agressiv ohangi oq tanli ishchi sinf vakillarining ovozlarini yutishda yordam berishi va shu bilan birga, unga 2016-yilda ovoz bergan mo’tadil saylovchilarni o’zidan uzoqlashtirishi mumkin.

El-Pasodagi voqeada oq tanli millatchi muhojirlarni nishonga olgani haqida xabar berilgach, demokrat qonunchilar Prezident Trampni yana bir bor mamlakatda irqiy ziddiyatlarni kuchaytirayotganlikda aybladi.

2016-yilda prezidentlikka nomzod bo’lgan paytida Tramp meksikalik muhojirlarni jinoyatchi va zo’ravon deb atagan edi. Oq uyda ish boshlashi bilan oq tanli millatchilarni qoralashdan o’zini olib qochdi. Siyosiy tahlilchilarning bir qismi buni Trampning xulqiga bog’lasa, boshqalar nazarida, bu saylov strategiyasining bir qismidir.

“Tramp tarafdorlari uning to’polon qilib turishini xohlashadi va prezident buni biladi deb o’ylayman. Tramp muxolifatdagi demokratlar bilan urushib tursam, siyosiy jihatdan bu menga qo’l keladi deb o’ylasa kerak”, - deydi sobiq respublikachi strateg Aleks Konant.

Davlat rahbarining yaqinda oq tanli bo’lmagan qonunchilarga hujumi matbuotda keng yoritildi. U qora tanli kongressmen Elayja Kammingsni “ichiga kalamush va kemiruvchi tushgan jirkanch va betartib odam” deb atadi.

Demokratik partiyaning Kongressga ilk saylangan to’rt ayol qonunchisini esa Tramp radikallar deb atab, o’zlarining jinoyatga bulg’angan va parokanda joylariga ketishini talab qildi.

“Masalaning strategik tomoni shuki, Tramp har bir muhokama markazida turibdi. O’zi uchun muhim bo’lgan mavzular bo’yicha tarafdorlarini shijoatlantira oladi. Va’dalarining ustidan chiqolmayotgani ular uchun muhim emas”, - deydi Amerika taraqqiyot markazi tahlilchisi Jon Xalpin.

Tramp tanqidchilariga ko’ra, uning jamiyatdagi tortishuvlari matbuot diqqatini prezidentning tibbiy sug’urta narxlarini tushirish kabi bajarilmagan va’dalaridan chalg’itmoqda.

Demokratik nomzodlar o’rtasida kechayotgan debatlarda sog’liqni saqlash tizimi va boshqa sohalarni isloh qilishga qaratilgan dadil takliflar yangramoqda. Prezident ularni radikal sotsialistlar deb, ular taklif etayotgan siyosat o’tgan yili 3 foizlik o’sishga erishgan iqtisodiyotni barbod qilishini aytmoqda.

“Tramp 2020-yil oktabriga kelib qolishimizni istardi. Ya’ni saylovdan bir oy oldinga. U bir tomonda Demokratik partiya, ikkinchi tomonda esa radikal kuchlarga qarshi turuvchi odam deb xayol qilyapti o’zini”, - deydi Xalpin.

Trampning ashaddiy tarafdorlari uning noqonuniy immigratsiyaga qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlaydi. Biroq uning irqiy hujumlari va migrantlarning hibsxonalarda xo’rlanayotgani haqidagi xabarlar mo’tadil respublikachilarning Trampdan uzoqlashishiga sabab bo’lishi mumkin.

“Agar Tramp va uning fe’li bo’yicha referendum o’tkazilganida edi, Tramp uning ishlaridan mamnun, lekin tvitlarini yoqtirmaydigan shahar chetida yashovchi oq tanli saylovchilar va ba’zi hollarda ayollar ovozlarini olmaslik ehtimoli bilan yuzlashgan bo’lardi”, - deydi Konant.

2020-yil saylov kampaniyasida irqiy masalalar muhokama markazida hali uzoq bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG