Breaking News

Amerikada grin karta tizimi cheklanadimi?


AQSh prezidenti ikki respublikachi senatorning qonuniy immigratsiyani cheklashga qaratilgan qonun loyihasini qo’llab-quvvatlamoqda.

Ushbu hujjatda qonuniy immigrantlar sonini yiliga bir milliondan 500 mingga tushirish, grin karta lotereyasini yo’qotish ko’zda tutilgan.

“Bu hujjat iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan amerikalik oilalarga g’amxo’rligimizdan dalolat. Ularning ehtiyojlari, Amerika ehtiyoji birinchi navbatdadir”, - dedi Tramp.

Senatorlar Tom Kotton va Deyvid Perdyuning aytishicha, quyi malakali muhojirlarning ko’payishi oqibatida amerikalik ishchilarning maoshi tushib ketdi.

“Immigratsiya tizimidan maqsad ishchilar va immigrantlar manfaatlarini himoya qilish, Amerikaga qonuniy asosda kelgan iste’dodli odamlarni qabul qilish bo’lishi kerak”, - deydi jorjiyalik senator Perdyu.

Oq uy maslahatchisiga ko’ra, qonun loyihasi zanjirli migratsiyaga chek qo’yishga qaratilgan.

“Grin karta olayotgan shaxslar qariyalarni ham Amerikada yashashga taklif qilishi mumkin, biroq bunday odamlar ishlay olmasa, davlatdan yordam olib, byudjetga yuk bo’ladi. U odam boshqa qarindoshini, unisi esa yana bir qarindoshini olib kelishi mumkin. Mana shu zanjirli migratsiya”, - deydi Stiven Miller.

Davlat rahbariga ko’ra, yangi tizim ball asosida bo’lib, grin karta olishda muhojirning ingliz tili darajasi va professional malakasi inobatga olinadi.

Demokratlar va ayrim respublikachilar hamda immigrantlar huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar taklifni qoralamoqda.

“Quyi malakali muhojirlarning ham bu mamlakatga ancha foydasi tegyapti. Masalan, ular ferma, dalalarda, ishlab chiqarishda yoki uyda ishlaydi. Ularsiz ba’zi ishlar qolib ketib, iqtisodiyot yurmay qolardi”, - deydi Qurilish institutidan Kim Rubin.

Oq uy rasmiylariga ko’ra, Tramp hujjatni olqishlab, mamlakat bo’ylab shu mavzuda muhokamaga turtki berdi. Biroq Kongress hali beri ushbu qonun loyihasi bilan shug’ullanmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG