Breaking News

Tramp va qonunchilar Saudiya Arabistoni bilan siyosatga turlicha qaraydi


Saudiya Arabistoni bayrog'i
Saudiya Arabistoni bayrog'i

“Vashington Post” gazetasiga maqolalar yozgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining Turkiyada o’ldirilganiga bir yil bo’ldi. Ayrim tahlil va taftishlar bu ishga Saudiya Arabistoni qirolining o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon aloqador ekaniga ishora qilsa-da, AQSh Prezidenti Donald Tramp qirollik va shahzodani ishonchli hamkor deb bilishda davom etmoqda.

Biroq AQSh Kongressidagi qonunchilar qotillikka aloqador odamlar jazolanmaguncha Saudiya Arabistoniga nisbatan siyosatni o’zgartirishga chaqirmoqda.

Jamol Qoshiqchi bir yil oldin Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi binosida qirollikdan borgan odamlar tomonidan o’ldirilib chavaqlangan edi. Buyruqni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bergani aytiladi.

AQSh Kongressi a’zolari voqeani sinchkov tergov qilishga chaqirib, Saudiya Arabistoni bilan imzolangan qurol savdosini cheklashga hamda AQShning Yamanda Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi harbiy kampaniyada ishtirokini to’xtatishga ovoz bergan.

Demokrat kongressmen Jim Makgovernning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tramp Salmonni javobgarlikka tortishdan bosh tortib kelmoqda.

“Qirollikka qurol sotmasligimiz, harbiy yordam ko’rsatmasligimiz kerak. Qotillikning badali shu bo’lmog’i zarur. Vakillar palatasida va Senatda har ikki partiya qonunchilari qurol savdosini cheklovchi qonun loyihalarini prezidentga yo’llamoqda, ammo har safar hujjatlar vetoga uchrayapti”, - dedi Makgovern.

Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeo qirol oilasini qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda. Prezidentning aytishicha, bunga iqtisodiy sabablar bor.

“Men Amerikani yana buyuk qilmoqchiman, men uchun Amerika muhimroq”, - dedi Tramp.

“Pompeo va Trampning Saudiya Arabistoniga nisbatan siyosati aniq. Qirollikning Yamandagi ixtilofga faol aralashuvi AQSh roziligi bilan bo’lyapti”, - deydi Vashingtondagi “Amerika taraqqiyot markazi” tahlilchisi Kelli Magseymen.

Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Yasmin Farukning aytishicha, Trampning AQSh-Saudiya munosabatlarini shaxsiylashtirishi Qoshiqchining o’limini tergov qilishga halaqit bermoqda.

“Bunday yondashuv natijasida AQSh va Saudiya Arabistoni o’rtasidagi strategik aloqa bu munosabatlarning AQSh milliy xavfsizlik manfaatlari va AQShning Yaqin Sharqdagi strategik manfaatlariga ahamiyatining institutsional tahliliga emas, Amerika prezidentining shaxsiy qaroriga bog’lanib qolgan”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi mutaxassisi.

Saudiya Arabistoni sayyohlar va xalqaro sarmoyalarni jalb qilishga zo’r berarkan, Yasmin Farukning aytishicha, Qoshiqchining o’limi bilan bog’liq dog’ hali beri ketmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG