Turkiya Obamaga: "Genotsid" tan olinmasin

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Rim Papasi Fransisk va Yevropa Parlamenti 100 yil oldin armanlarga qarshi qatliom bo'lgan deganidan so'ng Turkiya hukumati AQSh ham 1915-yil qonli voqealarini genotsid deb atashidan xavotirda.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li Vashingtonda bo'lib, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashuv chog'ida shu haqda suhbatlashdi. 24-aprel kuni armanlar fojianing 100 yilligini xotirlaydi.

Amerika Prezidenti Barak Obama shu munosabat bilan nutq so'zlashi kutilmoqda. Biroq u ma'ruzasida "genotsid" so'zini ishlatadimi, yo'qmi, hozircha ma'lum emas.

Anqara Birinchi jahon urushi paytida nafaqat armanlar, balki ko'plab turklar ham qirilganini aytib, armanlarga qarshi qatliom bo'lganini inkor etib keladi.

Turkiyalik tahlilchi Semih Idizning aytishicha, agar Turkiya genotsid bo'lganini tan olsa, boshi sudlardan chiqmaydi.

"Anqara bunga huquqiy atama sifatida qaraydi va armanlar hamda Armaniston hukumati unga qarshi xalqaro sudlarda da'volar ochishidan xavotirda", - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko'ra, da'volar ketidan esa Turkiyadan moliyaviy tovon ham talab qilinadi. Agar Obama ma'ruzasida "qatliom" so'zini ishlatsa, deydi turk rasmiylaridan biri, AQSh Turkiyadagi Injirlik harbiy-havo bazasidan ayriladi. Qo'shma Shtatlar bazadan Iroq va Suriyadagi harbiy amaliyotlar uchun foydalanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG