Turkiya-Xitoy harbiy hamkorligi osharkan, NATO xavotirda


Turkiya va Xitoy o'rtasidagi harbiy savdo kelishuvi

Turkiya va Xitoy o'rtasidagi harbiy savdo kelishuvi

Har bir qurol savdosi ortida siyosiy sabab bor. Turkiya bu bilan G’arbdan uzoqlashmoqchi ekanini namoyish qilmoqda, deydi tahlilchi Gursel.

Anqara Xitoyga Turkiya havo mudofaasi tizimini yaratishni buyurtirishi mumkin. NATOga a’zo davlatlar bunga e’tiroz bildirmoqda. Alyans bosh kotibi ham tashvishda.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Anqarani ogohlantirib, har qanday qurol savdosi ittifoqchi mamlakatlar manfaatiga qarshi bo’lmasligi kerakligini aytdi. Turkiya yaqinda o’z havo mudofaasi sistemasini yaratishda bir necha milliard dollarga teng kontraktni Xitoy kompaniyasiga bermoqchi ekanini ma’lum qildi. NATO ga a’zo davlatlar bundan tashvishda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Levent Gumrukchuning aytishicha, qanday qurollarni sotib olishni Turkiyaning o’zi hal qiladi.

"Milliy mudofaa salohiyatimiz birinchi o’rinda turadi, shuning uchun bu masalani o’zimiz hal qilamiz. Albatta, bu ishda NATO mudofaasini ham hisobga olamiz", - dedi rasmiy.

Anqara kontrakt bo’yicha tugal qaror qabul qilingani yo’q, lekin uni Xitoy kompaniyasiga berishimiz mumkin, deydi, chunki tenderda Xitoy Yevropa va AQSh kompaniyalariga qaraganda mudofaa tizimini arzonroqqa qurib berishini aytib, texnologiyasini Turkiyaga berishni taklif qilgan. Mutaxassislarga ko’ra, Xitoy sistemasini NATO nikiga texnologik tomondan moslashtirsa bo’ladi.

Biroq turkiyalik ekspert Sinan Ulgenning aytishicha, NATO bunga ko’nmaydi.

"Turkiyaning NATO dagi ittifoqchilari mudofaa tizimichalik nozik infrastrukturaga Xitoy sistemasining kirishiga yo’l qo’ymaydi. Chunki buning tahlikali tomoni bor. Biri shundaki, ikki sistemani uyg’unlashtirish ishlarida xitoylik mutaxassislarning ishtiroki zarur bo’ladi, albatta, demak, ayrim nozik ma’lumotlar Xitoy qo’liga tushadi. Ikkinchidan esa, Xitoy tomonidan integratsiyalashgan sistemaga qarshi kiberxurujlarning amalga oshirilish xavfi bor", - deydi Sinan Ulgen.

Bundan tashqari bu ishga jalb etilayotgan Xitoy kompaniyasi Shimoliy Koreya va Eron bilan ish qilgani uchun AQSh qora ro’yxatiga tushgan.

Turkiyaning “Milliyet” gazetasi muxbiri Qadri Gurselning aytishicha, Anqara NATO e’tiroz bildirishini oldin ham bilgan. Buning ortida siyosiy sabablar bor, deydi u.

"Har bir qurol savdosi ortida siyosiy sabab bor. Turkiya bu bilan G’arbdan uzoqlashmoqchi ekanini namoyish qilmoqda. G’arb esa bundan tashvishda", - deydi Gursel.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya hukumati Yevropa va Vashington kabi an’anaviy ittifoqchilari doirasidan tashqarida ham hamkorlarni izlamoqda. Anqara NATO a’zosi uchun buning yomon tomoni yo’q degan fikrda.

Shunga qaramay Turkiya bosim ostida. O’tgan hafta prezident Abdulla Gul NATO a’zoligining ahamiyatiga urg’u berdi.

Tashqi ishlar vazirligi vakili Gumrukchuning aytishicha, hukumat NATO xavotiridan xabardor.

"Havo mudofaa sistemasi bo’yicha bir qarorga kelganimiz yo’q hali, hozir shu haqda o’ylayapmiz. Albatta, barcha omillarni va takliflarni inobatga olamiz", - deydi vazirlik xodimi.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an NATO dagi ittifoqchilarining Suriyaga qarshi harbiy harakatni boshlamaganidan hamda Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirishiga doir muzokaralarning to’xtab qolganidan norozi ekan, kuzatuvchilar nazarida Erdog’an alyansdagi harbiy hamkorlarining e’tirozlariga oldingiga qaraganda uncha e’tibor bermasligi mumkin.
XS
SM
MD
LG