Breaking News

Turkiya: Xitoyning uyg'urlarga munosabati "insoniyat uchun sharmandalik"


Turkiya Xitoyda bir milliondan ortiq musulmon uyg'urlar saqlanayotgan qamoqxonalarni "konsentratsion lagerlar" deb atab, ularni yopishga chaqirmoqda. Xitoyning uyg'ur xalqiga nisbatan munosabati "insoniyat uchun sharmandalik", deydi Anqara.

"Asossiz hibsga olingan bir milliondan oshiq uyg'ur bu lager va turmalarda qiynoqqa solinayotgani, miyasiga siyosiy propaganda quyilayotgani ortiq sir emas", deyiladi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

"Qayta tarbiyalash" lagerlari borligini Xitoy 2018-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotida bu masala ko'tarilganidan keyin tan olgan edi. Pekinga ko'ra, ushbu "ta'lim markazlari" odamlarga terrorizmdan uzoqroq yurishga, jamiyatga qayta qo'shilishga yordam beradi.

Shinjon viloyatidagi lagerlardan birida uyg'ur shoiri Abduraim Hayit o'lgani haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin Turkiya o'z bayonoti bilan chiqdi.

O'tgan hafta inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi 16 tashkilot uyg'ur va boshqa musulmon xalqlar vakillari Xitoyda ommaviy tarzda qamalgani yuzasidan xalqaro tekshiruv boshlashga chaqirdi. BMTning Inson huquqlari kengashidan Shinjonga tekshiruv guruhini yuborish so'ralmoqda.

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti rahbari Kumi Naydu Shinjon viloyatini ochiq turma deb ataydi.

"Hibsga olinib, qayta tarbiyalanayotgan odamlar shunchalik ko'pki, hukumat bu oilalarning bolalari uchun yetimxonalar ochmoqda. Xitoy esa BMT va boshqa tashkilotlarning takroriy so'rovlariga qaramasdan, bu hududga mustaqil kuzatuvchilarni kiritmayapti", - deydi u.

"Xalqaro Amnistiya"ga ko'ra, Xitoy repressiv siyosati uchun javob berishi, hukumatlar BMTdan tekshiruv boshlashni talab qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG