Turkiyada korrupsiya ishi iqtisodiyotga zarar qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Istanbulda Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an tarafdorlari namoyish qilmoqda, 27-dekabr, 2013-yil

Istanbulda Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an tarafdorlari namoyish qilmoqda, 27-dekabr, 2013-yil

Turkiya hukumatida keng ko’lamli korrupsiya fosh etilib, bosh vazir adliya tizimi bilan tortishar ekan, vujudga kelgan siyosiy inqiroz qimmatbaho qog’ozlar bozori va valyuta kursiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Moliya birjasida aksiyalar bahosi salkam 20 foizga, turk lirasining qiymati ham eng quyi nuqtaga tushgan.

Istanbullik tahlilchi Atilla Yesiladaning aytishicha, siyosiy mojaroning moliya bozoriga ta’sirini Yangi yil bayramidan keyingina to’liq bilsa bo’ladi.

"Jahon bank va sarmoya hamjamiyati ishga qaytgach, Turkiyadagi voqealarga baho beradi. Muammo bartaraf etilmasa, ko’plab makrojamg’armalarning sotilishiga guvoh bo’lamiz. Oqibati qanday bo’lishini aniq aytish qiyin", - deydi ekspert.

Adliya zimmasiga Turkiya tarixidagi eng yirik poraxo’rlik ishlaridan birini tergov qilish tushdi.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an taftish hukumatini yemirishga qaratilganini aytadi. Istanbuldagi Finans bankining bosh iqtisodchisi Inan Demir nazarida siyosiy g’avg’o eng yomon paytga to’g’ri keldi.

"Sarmoyadorlar foiz stavkalari yuqori bo’lgan bir sharoitda Turkiyaning tashqi moliyaviy ahvolidan xavotirda edi. So’nggi o’n yilda mamlakatdagi siyosiy barqarorlik va hukumatning biznesga moyilligi sarmoya uchun eng muhim omillardan edi", - deydi mutaxassis.

Kuzatuvchilar Turkiyaga xalqaro sahnada munosabat salbiy tomonga o’zgarsa, liraning qiymati yanada tushishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Tahlilchi Yesiladaga ko’ra, bundan Turkiya iqtisodiyoti zarar ko’rishi mumkin, chunki ko’plab kompaniyalar kreditlarni xorijiy valyutada olgan.

"Lira qadrsizlansa, kompaniyalarning dollar va yevroda olingan kreditiga qo’yilgan foizlar keskin ko’tariladi. Naqd pulga o’tmoqchi bo’lgan ba’zi kompaniyalarga ham qiyin bo’ladi, chunki naqd pul oboroti ham keskin tushib ketadi. Buning iqtisodiy oqibatlari juda salbiy bo’lishi mumkin. Siyosiy tanazzul davom etgan sari ahvol yomonlashaveradi", - deydi Atilla Yesilada.

Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hukmron so’nggi 10 yilda Turkiyada misli ko’rilmagan iqtisodiy o’sish kuzatilib, yalpi ichki mahsulot uch baravar oshdi.

Iqtisodchi Demir bu kunlar bitdi, deydi.

"Hukumat so’nggi 10 yilgi iqtisodiy o’sishdan katta foyda ko’rdi. O’sish sekinlashsa, bundan faqat zarar, ayniqsa saylov yilida. Hukumat xarajatlarni oshirishga majbur bo’ladi, bu esa sarmoyadorlarga yoqmasligi mumkin", - deydi ekspert.

Mart oyida Turkiyada mahalliy saylovlar o’tkaziladi. Erdog’an uchun esa bu ishonch referendumi vazifasini o’taydi. Agar partiyasidan nomzodlarning aksariyati saylansa, demak, xalq bosh vazir siyosatini hamon qo’llab-quvvatlamoqda. Bu esa unga kelasi yil bo’ladigan prezident saylovlarida qo’l kelishi mumkin. Erdog’an saylovda qatnashish istagini bildirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG