Breaking News

Turkiya musulmon mamlakatlarni Isroil bilan savdoni to’xtatishga chaqirmoqda


Turkiyaning Isroil bilan savdoni to’xtatish qarori Isroilga qattiq zarar qilishi aytilmoqda. Anqara hozir mintaqadagi musulmon davlatlarni ham shunga da’vat etmoqda.

Xalqaro hayot - 9-may, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:32 0:00

Turkiya portlaridan hozir Isroilga tijoriy kema qatnovi yo’q. Prezident Rajab Toyib Erdog’an G’azoda doimiy otashkesim bo’lsagina Isroil bilan savdo jonlanishini aytadi.

U xalqaro hamjamiyatni Isroilga kattaroq bosim qo’yishga chaqirdi.

“Turkiya dunyoda Isroilga to’liq embargo qo’ygan, ham importlarni, ham eksportlarni taqiqlagan ilk mamlakat bo’ldi. Anqara endi bundan boshqa mamlakatlarni, islom dunyosidagi, arab dunyosidagi davlatlarni ham shunga ko’ndirish uchun foydalanishga harakat qiladi”, - deydi Iqtisodiyot va tashqi siyosatni o’rganish institutidan Sinan Ulgen.

O’tgan yili Turkiya Isroil bilan salkam 7 milliard dollarlik savdo qilgan bo’lsa, turk eksporti 5 milliard dollardan oshdi.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats Turkiya embargosini qoralab, boshqa ta’minotchilarni topishga va’da berdi.

Tahlilchilar Isroil iqtisodiyotiga og’ir bo’lishini taxmin qilmoqda.

“Avtomobillar, oziq-ovqat, kiyim-kechak, metallar – xilma-xil narsalar Turkiyadan import qilinardi. Ta’minotchilarni o’zgartirsa bo’ladi, albatta. Ammo bunga vaqt kerak, qo’shimcha xarajat talab qiladi bu”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.

Isroil neftning katta qismini Ozarbayjondan Turkiyaning Jayhun porti orqali olib turadi.

Ozarbayjon ham Isroil bilan, ham Turkiya bilan do’stona aloqalarga ega. Turkiya neft tranzitini man qiladimi, yo’q, hozircha ma’lum emas. Turk tahlilchilari bu Anqaraning o’ziga ham qimmatga tushishini aytadi.

“Bunday qadam Turkiya va Isroilni bir-biriga dushman qilib qo’yadi. Bu esa uzoqqa cho’zilishi, aloqalarni tuzatish yana qiyin kechishi mumkin”, - deydi London energetika klubidan Mehmet O’gutchu.

Kuzatuvchilar neft embargosi Turkiyaning savdodan daromad ko’rayotgan Ozarbayjon bilan aloqalariga ta’sir qilishi mumkinligini aytadi.

Sinan Ulgen savdo embargosi hali-beri olib tashlanmasligini taxmin qiladi.

“Turkiya va Isroil o’rtasida siyosiy normallashish bo’lishi uchun Isroilda hokimiyat tepasiga yangi hukumat kelishi kerak”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG