Breaking News

Turkiyaning texnologik startaplari Silikon Vodiysiga yo'l olmoqda


Silikon Vodiysi
Silikon Vodiysi

Turkiyada o’tgan yili iyul oyida ro’y bergan davlat to’ntarishiga harakat ketidan ilg’or texnologiyalar bilan shug’ullanuvchi turkiyalik tadbirkorlarga chetdan sarmoya jalb qilish qiyin bo’lib qoldi.

Yaqinda bir guruh ishbilarmonlar AQShning San-Fransisko shahriga tashrif buyurib, Silikon Vodiysini turk startapchilari bilan bog’lovchi tadbirda qatnashdi.

Texnologiya sohasida biznes qiluvchilar uchun Turkiyada ish qilish o’tgan yildan beri ancha murakkablashdi.

“Biz tadbirkorlar ishbilarmonlikni yaxshilashga, yangi kompaniyalar ochishga harakat qilyapmiz. Biroq o’tgan yili Turkiyada harbiylar to’ntarish qilishga urindi va mamlakat og’ir kunlarni boshdan kechirdi. Bu bosqichdan o’tib, faoliyatimizni davom ettirishga harakat qilyapmiz”, - deydi tadbirkor Mustafo Aset.

Biznesmen Istanbulda smartfon uchun applikatsiya yaratib, AQShning texnologik ekosistemasi haqida o’rganish uchun San-Fransiskodagi “Etoxum” konferensiyasida qatnashdi.

“O’tgan yili Turkiyaga xorijiy sarmoya oqimi ancha kamaydi. Pul beqaror mamlakatlarni, beqaror ekosistema va iqtisodiyotlarni yoqtirmaydi. Shu sabab, ko’p kompaniyalar turk bozoriga kirishga botinolmay turibdi”, - deydi u.

O’tgan yilgi voqea ketidan Turkiya hukumati Prezident Rajab Toyib Erdog’anga qarshi kuchlarni ta’qibga oldi. Ko’pi ishidan ayrildi, minglab odam qamoqqa tashlandi.

Elif Jaylon “ITU Gate” kompaniyasida dastur koordinatori bo’lib, muvaffaqiyatli turk startaplarini Amerikaga taklif qilish bilan shug’ullanadi.

“Biz, asosan, Turkiyada yiliga 5-10 million dollar pul bilan ish qiluvchi kompaniyalarga qiziqish bildiramiz. Ular Amerikaga kelganda turk kompaniyasi sifatida keladi. Biroq biz ularning Silikon Vodiysida shirkat ochishini istaymiz. Shundan keyin sarmoyador yoki xaridor topish ancha oson bo’ladi”, - deydi u.

Jaylon yaqinda poytaxt Anqaradan Istanbulgacha 400 kilometrlik norozilik marshidan ilhomlanganini aytadi.

“Odamlarda umid paydo bo’ldi. Ular o’zgarishlar bo’lishiga yana ishonganday. Hozir oson emas, ammo hammasi yaxshi bo’lishiga umid bor”, - deydi u.

Bu tadbirkorlarning aytishicha, Turkiya iste’dodli va mehnatkash insonlari orqali yana oyoqqa turib oladi.

“Turkiyaga ishonaman, Turkiya iqtisodiyoti shunday tadbirkorlari tufayli hali ancha o’sadi, ancha qudratli mamlakat bo’ladi”, - deydi Mustafo Aset.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG