AQSh Ukrainaning o'g'irlangan boyligini topishda yordam bermoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh hukumati Ukrainaning sobiq prezident Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag’darilgan paytda o’g’irlangan milliardlab dollar mablag’ni topib Ukrainaga qaytarishga va’da bermoqda. Ammo bu uzoq va mashaqqatli jarayon ekani aytilmoqda.
Viktor Yanukovich mamlakatni tashlab ketgach, ukrainaliklar uning uyidagi hashamatni ko’rishga muvaffaq bo’ldi. Bunday hayot tarzi Ukraina xalqidan o’g’irlangan boylik evaziga qurilgani aytiladi.

AQSh Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, AQSh Ukrainaga o’g’irlangan pullarni qaytarishda yordamlashish niyatida.

“Biz buni amalga oshirish ahdida qat’iymiz. Ukraina xalqiga o’g’irlangan mol-mulkini qaytarishda yordamlashamiz”, - deydi u.

Londonda 35 davlat rasmiylari ishtirokida o’tgan yig’inda Xolder Ukraina mol-mulkini qaytarish yo’llari haqida fikr almashdi.

“Bu yerda gap milliardlab dollar haqida ketyapti. Shuning o’zi muammoning ko’lamini, masala nimada ekanini ko’rsatib turibdi”, - deydi u.

Xalqaro iqtisodiyot bo’yicha Piterson instituti tahlilchisi Geri Xufbauerga ko’ra, Yanukovich o’zlashtirgan mablag’ miqdori 20 milliard dollargacha bo’lishi mumkin.

“U Ukrainani tark etganida o’zi bilan bir milliard dollar pul olib chiqib ketgan. Moskvaga borib 50 milion dollar naqd pulga koshona sotib oldi”, - deydi u.

Agar Yanukovich boyligini G’arb banklariga qo’ymagan bo’lsa, ularni topish juda mushkul, deydi tahlilchi.

“Pul G’arbiy Yevropadan chiqib ketgan va, masalan, Argentina yoki Indoneziya kabi biz o’ylamaydigan davlatlarga ko’chgan bo’lsa, bu mablag’ni topish yanada qiyin bo’ladi. Chunki bu davlatlar pulni topishda G’arb hukumatlari bilan hamkorlik qilmaydi”, - deydi Xufbauer.

Ammo, tahlilchiga ko’ra, Yanukovich pulini yashirishga ulgurmagan bo’lishi mumkin.

“U kutilmaganda hokimiyatdan ag’darildi. Qisqa vaqt ichida G’arb banklaridagi pullarini olib chiqib ketishga xizmat qiladigan soxta kompaniyalarni tuzib ulgurmagan bo’lishi mumkin”, - deydi tadqiqotchi.

Xufbauerning fikricha, xorijdagi Ukraina pullarini asl egalariga qaytarish kamida bir necha yil talab qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG